19:45 / 20.09.2015
6829

Bir oyoqli raqqos “Tantsy” shousi hakamlari va tomoshabinlarini hayratga soldi

TNT telekanalida efirga uzatiladigan “Tantsy” ko‘rsatuvi ishtirokchisi Yevgeniy Smirnov hakamlar va tomoshabinlarni hayratga soldi. U o‘zining familiyadoshi bo‘lgan Dasha ismli qiz bilan modern va breykdans elementlaridan iborat raqs ijro etdi. Raqqoslarning chiqishi ularni tomosha qilgan barchada tahsin va ko‘z yoshlari keltirib yubordi, chunki Jyenyaning bir oyog‘i yo‘q.

Jyenya va Dasha Sochi shahri nomidan ishtirok etishadi. Jyenyaning aytishicha, u 2001 yildan beri raqslar bilan shug‘ullanib keladi. Bir necha yil avval uning hayotida mudhish voqea yuz berdi – u yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir oyog‘idan ajraldi.

Yigit bunday ko‘rgulikdan qandaydir fursat davomida o‘zini yo‘qotib, nima qilarini bilmay qolganini tan oldi. Biroq keyin o‘zini qo‘lga olib, raqs uchun yashashda davom etdi.

Shou hakamlaridan biri Yegor Drujinin Jyenyani zamonaviy qahramon hamda g‘alabaga va raqsga intilishdagi haqiqiy o‘rnak deb atadi. Drujininning ta'kidlashicha, yigitga jamoa zarur, chunki u o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, raqsda biror narsaga erisha olmayotganlar uchun haqiqiy o‘rnak bo‘lsa arzigulik insondir.

Hakamlardan yana biri Olga Buzova ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyishga urinib, Jyenya loyihada ishtirok etishga majbur, deb aytdi.

Xoreograf Migelning aytishicha, raqqos uchun eng qo‘rqinchlisi – bu uning tanasi bilan nimadir yuz berishidir, biroq Jyenya unga hech narsadan qo‘rqmaslik kerakligini isbotlay oldi. Xoreografning aytishicha, Jyenyaning chiqishidan keyin u o‘zini uning oldida “heya kimdek” his qilgan.

Juftlik keyingi bosqichga yo‘l oldi. Biroq Jyenya oxirida hakamlar ularga nima uchun imkoniyat berganlarini – uning nogironligi sababmi yoki yaxshi ijro etilgan raqs uchunmi – bilolmaganini tan oldi.

Top