08:19 / 20.09.2015
1970

Minskda MDHning terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha bayonoti loyihasi ma'qullandi

Minskda ekspert guruhi yig‘ilishida MDHning terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha bayonoti loyihasi ma'qullandi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.  

Hujjatda xalqaro xavfsizlik va tinchlikka bevosita xavf soluvchi terrorchilik guruhlari faoliyatining keskin oshishi hamda “tinch aholining, jumladan asirlarning ommaviy ravishda qatl etilishi, terrorchilar tomonidan tarixiy va madaniy yodgorliklar, diniy qadamjolarning vahshiyona barbod qilinishi” bilan bog‘liq holda “chuqur xavotirlanish” bildirilgan.

Hujjat jahon hamjamiyatining barcha a'zolariga BMT Bosh assambleyasi va Xavfsizlik kengashining aksilterrorchilik rezolyutsiyasining barcha shartlarini so‘zsiz bajarishga chaqiruvni o‘z ichiga olgan.  

Shuningdek, terrorchilik guruhlari va ularning faoliyatiga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidan OAV va internetdan foydalanishni cheklash bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi ta'kidlab o‘tilgan.

Bundan tashqari, “terrorchilikka qarshi kurash, zo‘ravonlik, milliy toqatsizlik va adovatning oldini olish bo‘yicha milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha kelishilgan harakatlarni joriy qilish zarurligi” ko‘rsatib o‘tilgan.   

Hujjatda terrorchilikka qarshi kurash sohasida barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilishga tayyorgarlik bildirildi.

Top