11:08 / 20.09.2015
5025

Raul Kastro Kuba poytaxti aeroportida Rim papasi bilan uchrashdi

Kuba yetakchisi Raul Kastro mamlakat poytaxtidagi Xose Marti nomidagi xalqaro aeroportda bu yerga shanba, 20 sentabr kuni Alitalia aviakompaniyasining maxsus reysi bilan kelgan Rim papasi Frantsisk bilan uchrashdi.

Rim katolik cherkovi rahbari o‘zining ruhoniylik tashrifini Kubadan boshlab, so‘ngra Amerika Qo‘shma Shtatlari safariga yo‘l oladi.

Uchrashuv chog‘ida Kuba rahbari Rim papasiga AQSh va Kuba o‘rtasida vositachilik qilayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Raul Kastro, shuningdek, Amerika tomonidan orol-davlatning blokada qilinishi to‘xtatilib, AQSh egallab olgan Kuba hududi hisoblanuvchi Guantanamodagi harbiy dengiz bazasini qaytarish zarurligini ham aytib o‘tdi.

“Zo‘rlik bilan egallab olingan Guantanamo harbiy dengiz bazasi hududi Kubaga qaytarilishi kerak”, – dedi Kastro pontifik bilan uchrashuvga bag‘ishlangan marosimda.

Rim papasiga safar chog‘ida o‘ttizdan ziyod kishilar hamrohlik qilmoqda. Jumladan, Vatikan davlat kotibi kardinal Petro Parolin va “tashqi ishlar vaziri” arxiyepiskop Pol Richard Gallaxer, shuningdek, Alitalia kompaniyasining AZ4000 reysi bilan dunyoning yetakchi OAV jurnalistlari tashrif buyurgan.

Papaning xorij safari 28 sentabrgacha davom etib, papa Frantsisk 26 marotaba nutq o‘qiydi — ularning 4tasi ingliz, qolganlari ispan tilida bo‘ladi. Ushbu nutqlar oltita shahar — Kuba orolidagi Gavana, Olgin, Santyago-de-Kuba, AQShning Vashington, Nyu-York va Filadelfiya shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

Top