22:57 / 21.09.2015
5278

“Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalining tumanlar bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

Iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste'dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning ma'naviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, san'at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san'at an'analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda hamkor tashkilotlar bilan birga “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivali o‘tkazib kelinmoqda.

Festivalda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar 6 ta yo‘nalish: klassika, vokal, xalq cholg‘ulari, raqs, tasviriy va amaliy san'at hamda nazm va nasrda bellashadilar.

Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalining tuman (shahar) saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda o‘quvchi-yoshlar o‘zlarining ijodkorlik qobiliyatlarini namoyish etib kelmoqdalar.

Jumladan, Andijon viloyati Bo‘z tumanida “Kamalak yulduzlari – 2015” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining tuman (saralash) bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Festivalda tumandagi 456 nafar iqtidorli o‘quvchilar 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy ishlar bilan ishtirok etdilar.

Festivalda faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar hamda festivalning hududiy (viloyat) bosqich yo‘llanmasiga ega bo‘ldilar. Festivalning hududiy bosqichi joriy yilning oktabr oyida, respublika bosqichi esa noyabr oyida o‘tkaziladi.

Top