19:32 / 21.09.2015
6114

Energetika tizimining 2015-2016 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi to‘g‘risida chora-tadbirlar tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 7 iyuldagi PQ-2367-sonli “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015-2016 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash hamda yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, “O‘zbekenergo” AJ tomonidan buyruq ishlab chiqilib, aniq chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Jumladan, elektr stansiyalar va tarmoqlarni kuz-qish davrida ishlashga tayyorlashga oid ishlarni muvofiqlashtiruvchi ishchi nazorat komissiyalari tashkil etildi, energetika uskunalarini ta'mirlash va rezerv yoqilg‘i to‘plash, shuningdek, energetika uskunalarining texnik holatini ko‘rib chiqish, profilaktik sinovlardan o‘tkazish jadvallari tasdiqlandi.

Elektr stansiyalar va elektr tarmoqlardagi asosiy texnologik uskunalarni ta'mirdan chiqarish energetika tizimining barqaror ishlashidagi asosiy shart hisoblanadi.

2015 yilga belgilangan ta'mirlash jadvaliga ko‘ra aksiyadorlik jamiyati tomonidan 15ta energoblok, 20ta qozon agregat, 6ta turbogenerator, 19ta gidroagregat va bug‘-gaz qurilmasini ta'mirlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu joriy ta'mirlash jadvaliga muvofiq elektr stansiyalarda 7ta energoblok, 15ta qozon agregati, 3ta turbogenerator, 6ta gidroagregat hamda bug‘-gaz qurilmasida ta'mirlash ishlari tugatildi. Shuningdek, 4ta energoblok, 3ta qozon agregati, 2ta turbogeneratori va 6ta gidroagregatlarda ta'mirlash ishlari davom etmoqda.

Bugungi kunda elektr tarmoqlarida 13,0 ming km dan ortiq 0,4 - 110 kV elektr uzatish liniyalari, 35-110 kV kuchlanishli 65 ta nimstansiyalari hamda 4327ta transformator punktlari mukammal ta'mirlandi.

Respublikaning maishiy iste'molchilarini elektr energiya ta'minotini yaxshilash maqsadida 350ta o‘ta yuqori yuklanish bilan ishlagan transformatorlarni katta quvvatlisiga, umumiy hisobda 35,4 kV·A ga almashtirilib, 250,0 km dan ortiq uzunlikda 0,4-6-10 kVli elektr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilindi hamda 130,0 km dan ortiq 0,4-6-10 kVli elektr uzatish tarmoqlari qurildi.

Hozirgi kunda 2015-2016 yillarning kuz-qish mavsumida elektr stansiyalar va tarmoqlar uzluksiz ishlashga tayyorgarlik ko‘rish choralari va elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan topshiriqlarni bajarish hamda elektr energiyani kuz-qish mavsumida uzluksiz iste'molchilarga etkazib berish maqsadida “O‘zbekenergo” AJ tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Elektr energetikasi obektlarini kuz-qish mavsumida ishlashga tayyorlashga oid ishlar davom etmoqda.

Top