21:10 / 21.09.2015
9348

Mast hind ustidan asfalt yotqizib yuborildi

Hindistonda mast holda yo‘ldagi cho‘nqir ichida yotgan erkakning ustidan asfalt yotqizib yuborildi, deb xabar bermoqda The Times of India nashri. Voqea Madxya-Pradesh shtatida yuz berdi.

45 yoshli Latori Barman rafiqasi bilan bozorga borgan. Uning rafiqasi ota-onasining uyida qolmoqchi bo‘lgan, Barman esa o‘zining Kxadra nomli qishlog‘iga qaytib ketgan. Yo‘lda u spirtli ichimliklar sotadigan do‘konga kirib, spirtli ichimlik iste'mol qilgan. Sarxush Barman ta'mirlash ishlari olib borilayotgan yo‘ldan o‘tayotib cho‘nqirga tushib ketgan va u yerda uxlab qolgan. Yo‘lda esa ta'mirlash ishlari ketayotgani haqida hech qanday belgilar ham bo‘lmagan.

Ertalab ishga qaytib kelgan ishchilar Barmanni sezmay qolib, uning ustidan erib turgan qaynoq bitumni quyib, ta'mirlangan joyni samosval bilan tekislab yuborishgan. Mahalliy aholi asfaltdan chiqib turgan qo‘lni ko‘rib, qiy-chuv ko‘targan.

Barmanning tanasi chiqarib olingandan keyin mahalliy aholi ko‘chani to‘sib, aybdorlarni jazolashni talab qilishdi. Norozi aholi politsiya ko‘chani ta'mirlagan kompaniya vakillarini javobgarlikka tortishga va'da bergandan keyingina tarqagan.

Cho‘nqirlarni to‘ldirishga javob bergan samosval haydovchisi va ishchi hibsga olindilar va ularga inson o‘limiga olib kelgan mas'uliyatsizlik aybi qo‘yildi. Ta'mirlash kompaniyasi rahbariyati Barmanning yaqinlariga tavon sifatida 50 ming rupiy (760 dollardan sal ko‘proq) to‘lashga va'da berdi.

Top