17:35 / 21.09.2015
9220

Eron OAVi: BAA shahzodasi Yamandagi harbiy harakatlar paytida halok bo‘lgan

OAVda paydo bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, 19 sentabr kuni olamdan o‘tgan Dubay amirining katta o‘g‘li, shahzoda shayx Rashid ibn Muhammad Al-Maqtumning vafotiga avval aytilganidek yurak xuruji sabab bo‘lmagan. Eronning "Fars" axborot agentligi xabar berishicha, u Yamandagi harbiy harakatlar hududida halok bo‘lgan.

"Shayx Rashid Yaman hududidagi Marib provinsiyasida, BAA harbiylari qarorgohiga shialarning "Ansor Alloh" guruhi jangarilari tomonidan berilgan artilleriya zarbalari natijasida halok bo‘ldi", deb xabar beradi agentlik Yaman hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan manbalarga asoslangan holda.

19 sentabr kuni Dubay amirligi ma'muriyati Dubay amirligi taxti vorislaridan biri shayx Rashid ibn Muhammad Al-Maqtum yurak xuruji tufayli 34 yoshida vafot etgani haqida rasman xabar qilgandi.

BAA hukumati uning o‘limi tafsilotlariga to‘xtalmagan.

Ma'lumot uchun, 13 sentabr kuni BAA qo‘shinlari Yamanning Marib viloyatida isyonchi husiychilarga qarshi quruqlikdagi harbiy amaliyotlarni boshlagandi.

Ayni vaqtda Yamanda arab davlatlari koalitsiyasiga mansub 10 mingga yaqin askardan iborat quruqlikdagi qo‘shinlar joylashtirilgan.

Top