22:29 / 21.09.2015
9036

O‘zbekistonda paxtachilik sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish holati bo‘yicha monitoring o‘tkaziladi

O‘zbekistonda paxtachilik sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish holatini tekshirish maqsadida bundan avval ham, 2013 2014 yillarda  xalqaro monitoring o‘tkazilgandi.

Bu yil ham, oktabr oyida O‘zbekistondagi paxtachilik sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish bo‘yicha xalqaro va milliy monitoring bo‘lib o‘tadi.

Sputnik nashri Bolalar mehnati masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash ish rejasiga asoslanib xabar berishicha, 2014 yilda Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga uch tomonlama sheriklarning (Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Savdo-Sanoat palatasi) hamkorligida o‘z hududlarida bolalar mehnatidan majburiy ravishda foydalanish holatlarini monitoring qilish taklifi bilan chiqqandi. Keyinchalik, bu monitoring Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan amalga oshirilishiga qaror qilingan.

Shu tariqa, bu yil ham Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) texnik ko‘magida, yuqorida qayd etilgan uch tomon hamkorligida xalqaro ekspertlar ishtirokida 10ta territorial ishchi guruhlar tuziladi va ko‘zda tutilgan tekshiruvlar olib boriladi.

"Bugungi kunda allaqachon monitoring qiluvchi hududiy guruhlar tashkil etildi. Bu guruhlarga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalarining xotin-qizlar Kengashlari, hududiy nodavlat tashkilotlar vakillari jalb etildi. Shuningdek, ushbu monitoringda Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari faol ishtirok etadi va ular tomonidan texnik ko‘mak ko‘rsatiladi", - deyiladi manbada.

Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari guruhlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida turli treninglar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, "2015 yilda bolalar va majburiy mehnatni monitoring qilish bo‘yicha o‘quv qo‘llanma" ishlab chiqilgan.

Guruh a'zolari joylarga tashrif buyurib, terimchilarning ixtiyoriy ravishda ishtirok etayotgani, ularning sifatli oziq-ovqat bilan ta'minlanayotganligi, mehnat shartnomalariga muvofiq terimchilarga har 5 kunda ish haqi to‘lanayotgani, ish vaqti me'yorlariga qat'iy amal qilinayotgani, qator fermer xo‘jaliklari dalalarida paxta hosilining terim mashinalari yordamida yig‘ib olinayotgani, 18 yoshga to‘lmagan bolalarning terimda ishtirok etmayotgani va bolalar manfaatlarini muhofaza qilish tamoyillariga amal qilinayotganini aniqlash maqsadida intervyular uyushtirishadi.

Xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston hukumatiga ishchilarni yollash va ularni ijtimoiy himoya qilish ishlarini yaxshilashga qaratilgan o‘z tavsiyalarini taqdim etadi.

Natijalar Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro savdo uyushmasi Konfederatsiyasi, ish beruvchilar xalqaro tashkiloti va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokida Toshkentda 10 noyabr kuni o‘tkaziladigan "davra suhbati" vaqtida muhokama qilinadi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan yilgi monitoring yakunlariga ko‘ra, Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistonda paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanish holatlarini aniqlamagandi.

2013 va 2014 yillardagi hisobotlarda Jahon banki vakillari maktab o‘quvchilarini tizimli ravishda paxta terimiga jalb etish bo‘yicha hech qanday dalillarni qo‘lga kiritmagani qayd etilgan.

Top