11:17 / 21.09.2015
15594

Rog‘un Tojikistonning katta muammosiga aylanishi mumkin

Tahlilchi Murod Abrorov internet saytlariga joylashtirilgan maqolasida Rog‘un GESi loyihasi Tojikiston uchun kelajakda katta muammoga aylanishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi.

Uning ta'kidlashicha, Rog‘un GESi qurilishining katta xavf-xatarlar bilan bog‘liqligi ko‘p bora e'tirof etilganiga qaramay, bu Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni to‘xtatmayapti. Muallifning taxminiga ko‘ra, bu bilan Rahmon “Ginness rekordlar kitobiga kirmoqchi”.
“Obekt, sekin bo‘lsa ham, qurilmoqda, - deydi u. – Uni qurishga mamlakatda pul yo‘q. Hukumat qo‘lidagi barcha resurslarni ishlatib bo‘ldi. Aktsiyalar chiqarilib, shusiz ham og‘ir ahvoldagi Tojikiston xalqiga majburiy sotildi. Lekin hech kim pul tikmayapti, negaki bundan oldin investorlar loyihani har tomonlama baholab, jahon tajribasini o‘rganadi”.

Maqolada ishonishicha, loyiha kelajakda mamlakatga foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltiradi. Misol tariqasida Xitoyning Xubey viloyatida, Yantszi daryosida joylashgan “Uch dara” GESi keltirildi.
Ma'lumot uchun, 300 m balandlikka, 2 309 m uzunlikka ega ushbu suv inshooti dunyodagi eng yirik to‘g‘on sifatida Ginnes kitobiga kiritilgan. Lekin bugungi kunda u Xitoyga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirmoqda.

Dastlab, Tojikistonda bo‘lganidek, bu to‘g‘onning qurilishi oldidan Xitoyda qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tgan edi. Professor Tsyan Veychanning aniqlashicha, halokat sodir bo‘lgan taqdirda 6 viloyat suv ostida qolishi mumkin edi.
Shunga qaramay, 1992 yilda 27 mlrd dollarlik qurilish loyihasi amalga oshirila boshlandi. Buning uchun to‘g‘on zonasidan 1.3 mln kishi ko‘chirildi. 2012 yili qurilish yakuniga yetgach, GES kutilgan natijani bermadi. Avvalo, u yetarli miqdordagi elektr manbaiga aylanmadi. Lekin uni doimiy ravishda asrab-avaylashga ehtiyoj tug‘ildi. To‘g‘on yorilib ketmasligi, tabiiy ofatni keltirib chiqarmasligi uchun uni doimiy ravishda ta'mirlab va kuzatib borish talab etiladi.

Dushmanlarning diversiyasining oldini olish uchun uchun uni doimiy ravishda yuzlab askarlar, vertolyotlar, harbiy kemalar, jami 4 600 kishi patrul ishlarini amalga oshiradi. Axir, professor Tsyan Veychanning hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘g‘onni yo‘q qilib yuborish uchun bir necha o‘n kg trotil ekvivalentidagi portlovchi moddaning o‘zi kifoya qiladi.
Muallifning fikricha, Rog‘un GESi qurilgan taqdirda Tojikistonni ham aynan shunday kelajak kutmoqda: 7-8 balli zilzilaning o‘ziyoq to‘g‘on to‘plab turgan suvlarni siljitishi va ofatni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bois u terrorchi va ekstremistik guruhlar uchun asosiy o‘ljaga aylanishi mumkin. Mintaqada bunday kuchlarning mavjudligi, Tojikistonning janubiy chegaralari siyosiy beqaror Afg‘oniston bilan yondosh ekanligi e'tiborga olinsa, GES qurilishi yanada kattaroq tahdidlarga bog‘liq ekanligi ko‘rinadi.

Muallif: Eldor Asanov

Top