20:01 / 21.09.2015
4018

Rossiyalik sobiq darvozabon Rinat Dasayev Golden Foot mukofoti bilan taqdirlandi

Moskvaning "Spartak" jamoasi va Sobiq Ittifoq terma jamoalarida faoliyat ko‘rsatgan sobiq darvozabon Rinat Dasayev Golden Foot mukofotiga loyiq ko‘rildi. Mukofotni topshirish marosimi Monakoda o‘tkazilgan.

Moskvaning "Spartak" jamoasida bolalar murabbiyi hisoblanuvchi 58 yoshli sobiq darvozabon "Futbol afsonasi" yo‘nalishidagi mukofot bilan taqdirlangan. Bunday mukofot Fransiya terma jamoasida Jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan David Trezegega, ruminiyalik sobiq futbolchi George Xadji hamda o‘z vaqtida 2 marta jahon chempioni bo‘lishga erishgan argentinalik Daniel Passarellega ham berilgan.

"Men uchun bu mukofotni olish katta sharaf. Bundan juda xursandman va meni bu yerga taklif qilganlaridan baxtiyorman", deydi Dasayev.

Undan o‘z faoliyatidagi eng yorqin lahzalar haqida so‘rashganida u quyidagicha javob bergan: "Aytishim mumkinki, o‘z faoliyatim davomida qadamba-qadam olg‘a intilganman va shu his xotiramda qolgan".

Shuningdek, undan zamonaviy futboldagi ikki mashhur futbolchi Messi va Ronaldudan qay birini tanlashini so‘rashgan.
"Bu savolga javob berishim qiyin. Ularning har ikkisi ham juda kuchli futbolchilar va bir-biridan qolishmaydi", deydi u.

Ma'lumot uchun, Dasayev SSSR terma jamoasi bilan 1988 yilgi Yevropa chempionatida kumush medallarga ega chiqqan, undan oldinroq, 1980 yilgi Olimpiadada bronza medallarini olgan.

U shuningdek, "Spartak" jamoasi bilan 2 marta mamlakat chempionligiga erishgandi.

Top