18:03 / 21.09.2015
3454

Sardor Rashidov: Gollarim orqali o‘zbekistonlik futbol muxlislarini xushnud etmoqchiman

Qatar Yulduzlar Ligasida davom ettirayotgan o‘zbekistonlik yosh futbolchi Sardor Rashidov 19 sentabr kuni “Al Jayish” klubi tarkibidagi ilk golini nishonlashga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan so‘ng sports.uz nashri muxbiri futbolchi bilan bog‘landi va undan intervyu oldi.

Qatardagi yangi jamoasiga ilk o‘yinlardanoq tez kirishib ketgan Rashidov shu ruhda davom etishi va o‘z gollari bilan o‘zbekistonlik muxlislarini xursand qilish niyatida ekanini aytdi.

- Sardor, “Al Jayish” safidagi dastlabki golingizni urishga muvaffaq bo‘ldingiz. Taassurotlar qanday?
- Rostini aytadigan bo‘lsam, “Al Sayliya”ga qarshi o‘yin ancha qiziq tarzda o‘tdi. Quvonarli jihati shundaki, mazkur uchrashuvda men “Al Jayish” tarkibidagi ilk golimni urishga muvaffaq bo‘ldim. Bundan juda ham xursandman. Zero debyut gol har doim ham yoqimli bo‘ladi. Bu o‘yinda jamoamiz chiroyli tarzda zafar quchdi. Qo‘lga kiritilgan g‘alabaga men ham oz bo‘lsada o‘z hissamni qo‘sha oldim, deb o‘ylayman. Menga bildirilgan ishonchni sal bo‘lsa ham oqlaganimdan shodman.

- Sekin-asta “Jayish”ning o‘yin uslubiga moslashib, jamoadoshlaringiz bilan “til topishib” borayotgan bo‘lsangiz kerak…
- Ha, shunday. Ammo hali klubdoshlarim bilan to‘la bir-birimizni tushunib ketdik, deya olmayman. Harakat qilyapman, murabbiylarning ko‘rsatmalarini bajarishga va jamoadoshlarim bilan yaqinroq bo‘lishga urinyapman. Ammo hali biroz vaqt kerak. Nasib etsa, yaqin orada jamoaga to‘la kirishib ketaman.

- Qatarda to‘p surishni boshlaganingizga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q va endigina ikkita uchrashuvda o‘ynadingiz. Shu ikki o‘yindan kelib chiqib, sizda Yulduzlar Ligasi to‘g‘risida qanday fikrlar paydo bo‘ldi?
- Taassurotlarim faqat ijobiy. To‘g‘ri, hali chempionat saviyasi va o‘yinlar to‘g‘risida fikr bildirishga erta. Ammo o‘zim o‘ynagan ikkita bahsdan xulosa qilib ayta olamanki, tashkilotchilik va o‘yin atmosferasiga gap yo‘q. Biz futbolchilardan faqat maydonga chiqish va o‘zimizning nimalarga qodir ekanimizni ko‘rsatish talab etiladi, xolos.

Nasib etsa, Qatar chempionatida ham o‘z o‘rnimni topishga harakat qilaman. Qo‘limdan kelgancha yaxshi o‘ynab, gollar kiritish orqali yurtimizdagi ko‘plab futbol muxlislarini xushnud etishni istayman, - deydi mahoratli yarim himoyachi.

Top