11:42 / 22.09.2015
3611

22 sentabr - Butun dunyoda avtomobilsiz kun

Joriy yilda ham an'anaga ko‘ra dunyoning ko‘plab mamlakatlarida 22 sentabr Butun dunyo avtomobilsizlik kuni sifatida nishonlanmoqda.

"Butun dunyo avtomobilsizlik kuni" xalqaro darajadagi tadbir sifatida butun dunyo jamoatchiligini atrof-muhitning zaharlanishiga qarshi bir kunga avtomobil haydamaslikka chaqiradi.

Tashkilotchilar kishilarga boshqa muqobil vositalar, velosiped, metro, tramvay va avtobus kabi transport vositalaridan foydalanishni tavsiya qilishadi.

Ma'lumot uchun, ilk marta 1973 yilda Shveytsariyada bu kun nishonlangan, o‘shanda mamlakat hukumati yoqilg‘i yetishmovchiligi tufayli aholidan 4 kun davomida avtomobillardan foydalanmaslikni so‘ragan.

Keyingi o‘n yilliklarda Yevropaning ko‘plab davlatlarida bu aksiya kichik miqyoslarda davom ettirildi.

1997 yilda Buyuk Britaniyada, 1998 yilda esa Fransiyada ilk marta bu kunni "Butun dunyoda avtomobilsiz kun" sifatida nishonlash boshlandi. Fransiyadagi tadbirlar mamlakatning 20dan ortiq shaharlarida o‘tkazilgandi.

2001 yildan esa bunday tashabbuslarga dunyoning 31 mamlakatidan minglab shaharlar qo‘shildi.

2002 yilda Yevrokomissiya har yili 16-22 sentabr kunlarida "Yevropa mobil haftaligi" (The European Mobility Week) o‘tkazishni joriy qildi.

Bugunga kelib, bunday tadbirlar 1500 mingdan ortiq shahardagi 100 milliondan ortiq kishini qamrab oladi.

Top