15:46 / 22.09.2015
21037

OAVda “Senga oshiqman” serialiga yana bir bor tanqid toshlari yog‘dirildi

“Oila davrasida” gazetasida chop etilgan “Ko‘rinmas urush qurboni” nomli maqolada Hindistonning o‘zbekistonlik blogerlar va jurnalistlarning e'tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan “Senga oshiqman” seriali yana bir bor tanqid ostiga olindi. Bu safar jurnalist globalroq fikrlab, ushbu serial bilan bog‘liq bir fojia qurbonining o‘limida mafkuraviy urush izlarini ko‘rdi.

Yaqinda Samarqand viloyatida 12 yoshli bola o‘zini osib qo‘ygani ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, chekka qishloqlardan birida turadigan ikkita bola qo‘y boqib yurgan chog‘da aynan shu serialni muhokama qilishgan. Ulardan biri kartinadagi sahnalardan birini jonlantirishga harakat qilib, daraxtga ilingan sirtmoqqa bo‘ynini tutib bergan va tasodif tufayli osilib qolgan. Uning o‘rtog‘i qishloqqa borib, kattalarni chaqirib kelguniga qadar bolaning joni uzilgan.

“Yaqinda to‘lqinlar qirg‘oqqa chiqarib tashlagan suriyalik uch yoshli Aylon jasadining fotosuratlari dunyo hamjamiyatini larzaga keltirdi. Yurtdoshlarimiz ham buni ko‘zda yosh bilan qabul qilishdi, bu murg‘ak jasad timsolida urush qoralandi. Ammo serial ta'sirida o‘zini daraxtga osib qo‘ygan o‘smir ham urush qurboni emasmi? Faqat ko‘rinmas mafkuraviy urush qurboni! Uning bo‘yniga sirtmoqni serialga qo‘shilib kirib kelgan buzg‘unchi g‘oya solmadimi?!”, - deb yozadi muallif.

Uning aytishicha, ushbu serial O‘zbekistonda shu qadar ko‘p muxlis topganki, hamma yoqda u muhokama qilinmoqda, hatto daftarlar yuziga bosh qahramon Ishanining surati bosilib chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, maqolada Qashqadaryoda yangi tug‘ilgan qiziga Ishani ismini bergan ota-ona esga olindi.

Top