16:24 / 22.09.2015
2374

Volvo chiqindi yig‘uvchi robotlar loyihasini taqdim etdi

Volvo kompaniyasi innovatsion avtomobil texnologiyalari va robot texnikalari sohasidagi loyihalarni rivojlantirishda davom etmoqda. Navbatdagi tashabbus chiqindi yig‘uvchi robotlar loyihasi bo‘ldi.

Loyiha ROAR (to‘liq shakli —Robot-based Autonomous Refuse handling) deb nomlandi. Unda Volvo`dan tashqari Chalmers texnika universiteti va Melardalen (har ikkisi ham — Shvetsiya), Pensilvaniya shtati universiteti (AQSh), shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi Renova kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etadi.

ROAR doirasida uy xo‘jaliklari yaqinidagi chiqindi idishlarini mustaqil ravishda aniqlash, ularni ko‘tarish, chiqindi tashish avtomobiliga olib kelish, uning ichidagilarni bo‘shatish hamda idishni ortga, avvalgi joyiga qaytarib olib borish bilan shug‘ullanuvchi maxsus robotlar loyihasini ishlab chiqish mo‘ljallangan.

Barcha ishlar tungi vaqtlarda shovqin darajasi past holatda olib borilishi rejalashtirilmoqda.

Robotlashtirilgan platforma 2016 yilning iyun oyida Renova kompaniyasi avtomobillarining birida dastlabki sinovdan o‘tkazilishi belgilangan. Kelgusida ishlab chiqilgan texnologiya boshqa sohalar, masalan, ishlab chiqarishda ham qo‘llanilishi mumkin.

Top