21:27 / 23.09.2015
2643

“O‘zkommunxizmat” qishga tayyorgarlik haqida gapirib berdi

Kuz-qish mavsumi yaqinlashishi munosabati bilan O‘zbekistonda keng miqyosdagi tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Ular haqida “O‘zkommunxizmat” agentligining bosh mutaxassisi Zarifa Xudoyqulova axborot berdi.

“Birinchi navbatda mutaxassislarimiz o‘tgan yili olib borgan ishlarini ko‘rib chiqish asnosida o‘z yakuniga yetmagan ishlarni ko‘rib chiqib, mavjud muammolarni hal etamiz”, – dedi u “Darakchi” nashriga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, prezidentning “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2015/2016 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2367-son qarori va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarga asosan qishki mavsum oldidan ko‘p xonadonli uylarni issiq suv va isitish bilan uzluksiz ta'minlash choralari ko‘rilmoqda.

“Har bir hudud bo‘yicha, jumladan, 28 yirik shaharda hamda Toshkentning 11 tumanida 2015-2016 yilgi mavsumda bajariladigan ishlar rejasi tasdiqlangan, – so‘zida davom etdi Xudoyqulova. – Har bir hudud bo‘yicha mas'ul ijrochilar – vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari biriktirilgan. Jumladan, tegishli tashkilotlarga yetarli miqdorda ko‘mir, mazut, texnik tuz va boshqa mahsulotlarni jamg‘arish bo‘yicha vazifalar berilgan. Tabiiy gaz yetib bormagan hududlarni suyultirilgan gaz bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Ana shu maqsadda 608 ming dona maishiy gaz ballonlarini ishlab chiqarish va hududlarga yetkazish ko‘zda tutilgan”.

Top