09:33 / 23.09.2015
2107

6 yil ichida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi uch marta oshdi

Toshkentda O‘zbekiston va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Biznes-forum O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari, mashinasozlik, elektrotexnika, neft-kimyo, energetika, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va logistika sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan konsern va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Ikki davlat rahbarlari uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar o‘zaro manfaatli hamkorlikda muhim huquqiy asos bo‘layotgani ta'kidlandi. Shu yilning sentabr oyida Prezidentimiz Islom Karimovning Xitoyga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni mazmunan boyitish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

"O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yanada qulay hamkorlik munosabatlari yaratishga amal qilinmoqda. So‘nggi olti yilda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi uch marta oshib, 2014 yilda bu ko‘rsatkich 4,7 milliard AQSh dollariga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,7 foiz o‘sdi. O‘zbekistonda Xitoy investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan 482 qo‘shma korxona, 70dan ziyod kompaniya vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda", – deydi Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘mak berish kengashi raisi o‘rinbosari Lyu Pengchi.

Bugun mamlakatlarimiz barcha sohalar, jumladan, yuqori texnologiyalar tarmog‘i bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirishda faol hamkorlik qilmoqda. Ushbu jarayonda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi, “Angren” va “Jizzax” maxsus industrial zonalari muhim o‘rin tutmoqda. Chunonchi, “Jizzax” maxsus industrial zonasida xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda mobil telefonlar, qurilish materiallari va talab yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilayotir.

Biznes-forumda turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga yo‘naltirilgan qator investitsiyaviy kelishuvlar imzolandi.

Top