21:13 / 23.09.2015
2447

Shonn Penn "Imperiya" seriali rejissyoridan 10 mln dollar talab qildi

Taniqli aktyor Shonn Penn "Imperiya" seriali rejissyori Li Deniyelsni sudga berdi. Ushbu Gollivud aktyori rejissyordan 10 mln dollar talab qilmoqda. Bu haqda Deadline nashrida yozilgan.

Ma'lum qilinishicha, bunga rejissyorning biroz oldinroq The Hollywood Reporter nashriga bergan intervyusi sabab bo‘lgan.

O‘shanda u Penn bilan boshqa bir aktyor, jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan Terrens Xovard bilan solishtirgandi.

"Terrens deyarli hech narsa qilmadi. Harholda Shonn Penn yoki Marlon Brandodan orttirib hech narsa qilgani yo‘q. Unga esa qandaydir iblisga qaragandek qarashmoqda. Bu zamonaviy Amerikaning ko‘rinishi", degandi Deniyels.

Shonn Penning vakillari rejissyorning so‘zlari yolg‘on va tuhmatdan iborat ekanini ta'kidlashmoqda. Ular Shonn Penn ayollar bilan zo‘ravonlarcha munosabatda bo‘lmasligini aytishgan.

"Shonga doimiy ravishda bunday tuhmatlar bilan hujum qilib kelishadi. U adolat bo‘lishini istaydi", deydi aktyorning oqlovchilaridan biri.  

Terrens Xovard "Xart urushi", "Avgust Rash", "Temir odam" kabi filmlardagi rollari orqali muxlislarga tanish. U 2001 yilda o‘z rafiqasiga nisbatan zo‘ravonlarcha munosabatda bo‘lgani va boshqa bir qator jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingandi. Bundan tashqari, 2012 yilda aktyorning sobiq mahbubasi o‘zining u tomonidan kaltaklangani bo‘yicha sudga murojaat qilgan.

Penn esa "Sirli daryo" va "Xarvi Milk" filmlaridagi ijrolari uchun 2 marta Oskar mukofoti bilan taqdirlangan. Shuningdek, u rejissyor sifatida 15 yil oldin AQShda sodir etilgan terakt bo‘yicha "11 sentabr" filmi hamda "Yovvoyi shartlar" kartinasida ishlagan. Ushbu aktyor 2 marta uylangan, birinchi rafiqasi mashhur xonanda Madonna, keyingisi Robin Rayt hisoblanadi. Shonn Penn 1980-yillarda suratga olish maydonchasida fotografga hujum qilgani uchun hibsga olingan, 1980 yilda esa zo‘ravonlikda ayblangan.

Top