12:36 / 23.09.2015
3561

Tojikiston Mudofaa vaziri armiyaga faqat savodli va sog‘lom yigitlarni olish vazifasini topshirdi

Tojikiston Mudofaa vaziri, general-leytenant Sherali Mirzo 22 sentabr kuni 1 oktabrda boshlanuvchi armiyaga kuzgi chaqiruvni tashkil etish masalalariga bag‘ishlab viloyat, tuman va shaharlar harbiy komissiyalari ishtirokida ishchi majlisini o‘tkazdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, vazir komissarlarga chaqiriluvchilarning ota-onalari o‘z savollari yuzasidan respublika tuzilmalariga murojaat qilmasdan, o‘sha joyning o‘zida hal etishlari uchun hududlarda fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish vazifasini topshirdi.

Vazir milliy armiyaga qabul qilinuvchilar soni ortgani munosabati bilan unga faqatgina ta'lim olgan va sog‘lom yigitlarni saralab olish imkonini berishini ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 4 sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri va unga tutash Vaxdat tumanida qurolli bosqinchilik uyushtirildi. Uning oqibatida 9 militsiya xodimi halok bo‘ldi va katta miqdorda qurol yarog‘ o‘g‘irlandi. Huquqni himoya qilish organlari mazkur jinoyatda sobiq Mudofaa vaziri o‘rinbosari, general-mayor Abduhalim Nazarzodani ayblashdi.

Hukumat xabariga qaraganda, Abduhalim Nazarzoda yuzdan ortiq xodimlarni o‘z tomoniga og‘dirgan va qo‘l ostidagi harbiy qismlardan qurol-yarog‘ o‘g‘irlab, Romit tog‘ darasiga yashiringan. 16 sentabrda nihoyasiga yetgan maxsus amaliyotlar natijasida Nazarzoda guruhi jangarilaridan 30 nafari yo‘q qilingan, 100 nafari hibsga olingan.

Top