13:03 / 24.09.2015
7944

Alina Kabayeva anchagina vazn tashlagan holda namoyon bo‘ldi

Rossiyada yangi ochilgan “Match TV” sport telekanalining bosh prodyuseri Tina Kandelaki taniqli gimnastikachi Alina Kabayeva bilan birga tushgan fotosuratlarini chop etdi. Fotosuratlar foydalanuvchilarni ancha hayratlantirdi, chunki unda Kabayeva anchagina vazn tashlagan holda aks etgan.

Suratlardan ko‘rinishicha, Kabayeva “Match TV” telekanali uchun reklama roliklarini suratga olish jarayonida ishtirok etgan. Yangi telekanal 1 noyabrdan boshlab efirga uzatiladi. “Suratga olish juda soz chiqdi! Dastlabki natijalarni 25 sentabrda reklama beruvchilarga ko‘rsatamiz”, deb izoh berdi suratlarning biriga Kandelaki.

Suratlarda Kabayeva sport kiyimida bo‘lib, u reklamalarda badiiy gimnastikadan bir nechta harakatlarni bajarib bergani taxmin qilinmoqda. Biroq eng qizig‘i, olimpiya chempionining tashqi ko‘rinishi oxirgi oylarda anchagina o‘zgardi. Bahorda o‘tkazilgan tadbirda Alina anchagina vazn yiqqan holda namoyon bo‘lgandi. Biroq hozirgi suratlarni ko‘rib Kabayeva avvalgi sport formasiga kelibdi, deb bemalol aytish mumkin.

Ma'lumot uchun, 32 yoshli Alina Kabayeva o‘zining sport faoliyatini rasman 2008 yilda yakunlagan. U faoliyati davomida badiiy gimnastika bo‘yicha 4 karra Yevropa chempioni, jahonning mutlaq chempioni bo‘lgan. Kabayeva Sidneydagi Olimpiadada bronza medal va Afinadagi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan. Rossiyaning 6 karra mutlaq chempioni hisoblanadi.

Kabayeva sport faoliyatini yakunlagandan keyin Davlat dumasining beshinchi (2007-2011 y.y.) va oltinchi chaqirig‘ida “Yedinaya Rossiya” partiyasining deputati bo‘lgan, Dumaning jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha qo‘mitasida ishlagan. Kabayeva ayni paytda “Natsionalnaya Media Gruppa” xoldingining direktorlar kengashi raisi hisoblanadi.

Top