12:22 / 24.09.2015
12002

Suriyalik muhojir haqida Rossiya matbuotida tarqatilgan ma'lumotlar yolg‘on bo‘lib chiqdi

Bugun Rossiyaning internet nashrlarida Vengriyada muxbir ayol tomonidan chalib yiqitilgan suriyalik qochqinning “al-Qoida” jangchisi bo‘lib chiqqanligi haqida yolg‘on axborot keng tarqatildi.

Usoma Abdulla Muhsin Serbiya bilan chegaradagi Reske qarorgohidan qochayotganida muxbir Petra Lazslo tomonidan chalib yiqitilishi dunyoga keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Oxir-oqibat jurnalist qiz ishdan haydaldi, Muhsin esa Ispaniyada futbol murabbiysiga aylandi.

21 sentabr kuni kurdlarning Ekurd Daily nashri Muhsin “al-Qoida”ning Suriyadagi qanoti – “Jabhat an-Nusra”ning jangarisi ekanligi haqidagi iddaolar bilan chiqdi. Bunga isbot tariqasida uning ijtimoiy tarmoqdagi go‘yoki o‘chirib tashlangan sahifasidan skrinshotlar keltirildi.

Bu holatga o‘zbekistonlik bloger Sardor Salim e'tibor qaratdi.

“Ba'zi FB do‘stlarim rus propagandasining yana bir feyk mahsulotini tarqatayapti”, - deb kuyinadi ekspert.

“Vesti (sayti) aytishicha, go‘yoki terrorist bo‘lib chiqqan trenerning sahifasi FBdan o‘chirilganmish. Yolg‘on”, - so‘zida davom etdi u va Muhsinning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga yo‘llanma berdi.

“Kurdlar unga qo‘yayotgan ayb, u 2004 yilda trener sifatida ommaviy tartibsizliklarga chaqirganmish va ikkita futbol komandasi (arab va kurd) bolelshchiklari orasidagi mojaroga sabab bo‘lgan emish. Mana shu uning “terrorizmi”, - deyiladi xabarnomada.

So‘zining yakunida Sardor Salim Rossiya axboriy kanallariga ishora qilgan holda buyuk rus adibi Bulgakovning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: “Peshingacha sovet gazetalarini o‘qimang, ovqat hazm bo‘lmaydi”.

Eslatib o‘tamiz, Yevropaga Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan yuz minglab qochqinlarning kelishi Rossiyada keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, mamlakatning yetakchi nashrlari, jurnalistlari va ekspertlari muhojirlarning qabul qilinishiga keskin qarshilik qilmoqda. Abdulla Muhsin haqida tarqatilgan yolg‘on xabarlar esa bu nuqtai nazar tarafdorlari uchun qo‘shimcha argument bo‘lib xizmat qilmoqda. Aynan shu tufayli Rossiya matbuoti bu xabarni keng yoritmoqda.

Top