21:22 / 25.09.2015
3202

Britaniyalik o‘smir teraktga tayyorlagani uchun umrbod qamoq jazosiga tortildi

Nyukaslda yashovchi Layam Layberd ismli 19 yoshli britaniyalik o‘smir o‘zi ta'lim olgan kollejda ommaviy qotillik amalga oshirmoqchi bo‘lgan va unga tayyorgarlik ko‘rgani uchun umrbod qamoq jazosiga tortildi, deb ma'lum qilmoqda The Guardian nashri. 

“Siz mening hayotimni barbod qildinglar. Shafqat kutmang. Bo‘ysunmaslik vaqti keldi. Fantaziyalar haqiqatga aylanadi. Idrok kelgan joyga, tana ham keladi va shak-shubhasiz odamlar o‘ladi”, deb qayd qilingan yozuv topildi “bo‘lajak qotil”ning kompyuterida. Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, politsiyachilar uni qo‘lga olganlarida u telbalarcha hoholab kulib, ular ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganlarini aytib baqirgan.

Ma'lum qilinishicha, “sovuq va odamovi” Layberd kollejdan chetlashtirilgandan keyin aksariyat vaqtini kompyuter o‘yinlariga va internetga bag‘ishlagan va kamdan-kam hollarda o‘zining yotoqxonasini tark etgan. O‘smirning yotoqxonasida uning qurol ushlab tushgan suratlari topildi.

Shuningdek, o‘smirning uyidan Glock rusumidagi to‘pponcha, 94 ta patron, qo‘lbola bombalar va ko‘zni achishtiruvchi gaz topilgan. Huquq-tartibot muassasalari xodimlari o‘smir bunday ko‘p miqdordagi qurol-aslahani qanday qilib yig‘ishga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qilishmadi.

Layberd 2013 yilda o‘zini nomaqbul tutgani uchun kollejdan chetlashtirilgan. Unga berilgan jazo hukmida kamida 8 yil qamoq jazosi nazarda tutilgan, bu muddat o‘tgandan keyin o‘smir muddatidan avval shartli ozodlikka chiqarilish haqida iltimosnoma berishi mumkin.

Top