19:50 / 26.09.2015
9507

Saudiya Arabistoni muftiysi: hajda tiqilinchning oldini olishning imkoni yo‘q edi

Saudiya Arabistonining oliy muftiysi Abdulaziz ibn Abdulloh al-Shayh 24 sentabrda haj davomida yuzaga kelgan tiqilinchning oldini hech kim ololmagan bo‘lardi, deb aytdi.

Muftiy mamlakat ichki ishlar vaziri, haj bo‘yicha qo‘mitaga boshchilik qiluvchi valiahd shahzoda Muhammad ibn Nayaf bilan 25 sentabrdagi uchrashuvi davomida shahzodaning fojia uchun javobgar emasligini aytdi.

“Siz bo‘lgan fojia uchun javobgar emassiz. Odamzot o‘z nazoratida bo‘lmagan narsa uchun javobgar bo‘la olmaydi. Taqdirdan qochishning iloji yo‘q”, deb aytdi muftiy shahzodaga.

Eron va ba'zi boshqa davlatlar Saudiya Arabistoni hukumatini ziyoratchilar uchun talab darajasidagi xavfsizlikni ta'minlay olmaganlikda ayblamoqdalar. Jumladan, fojiada 131 nafar eronlik halok bo‘ldi.

O‘z navbatida, Nigeriya Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vazirining ziyoratchilar berilgan yo‘riqlarga amal qilmaganlari haqidagi so‘zlarini inkor etdi.

Haj davomida bunday ko‘p sondagi o‘lim holatlari 25 yildan beri kuzatilmayotgan edi.

Qirol Salmon Makka va Madinada barcha xavfsizlik choralarini tergov kilishga buyruq berdi.

Saudiya Arabistoni xalqaro maydonda o‘zini islom dini himoyachisi va ikkita muqaddas qadamjo – Makka va Madinaning qo‘riqchisi sifatida namoyon qiladi. Saudiya Arabistoni qiroli “Ikki qadamjo qo‘riqchisi” degan rasmiy unvonga ham ega.

Oxirgi 9 yil haj katta talofatlarsiz o‘tayotgan edi. Saudiya Arabistoni Makka va Madinadagi infratuzilma va xavfsizlikni yaxshilash uchun katta miqdorda mablag‘lar sarfladi.

Makkadan taxminan 5 km uzoqlikdagi 46 graduslik haroratda, Mino vodiysida Jamarot amalga oshiriladigan joyga ketayotgan ziyoratchilarning ikki oqimi ko‘prikda uchrashishlari oqibatida tiqilinch yuzaga kelgan. Tiqilinch oqibatida 717 ziyoratchi halok bo‘ldi, 900 ga yaqini jarohat oldi.

Top