11:39 / 26.09.2015
2461

Singapur hukumati 5ta kompaniyani havoni ifloslantirganlikda gumon qilib, tekshiruv boshladi

Singapurda 5ta kompaniya o‘rmon yong‘inlari va uning natijasida havoning kuchli darajada zaharlanishiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Hukumat ayni vaqtda bu kompaniyalarni tekshirishni boshlagan. Bu haqda "Streyts tayms" xabar berdi.

Atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha milliy agentlik sun'iy yo‘ldosh, meteorologik ma'lumotlar, yong‘in o‘choqlari va tutunlarning harakatlanish yo‘nalishlari asosida bu boradagi dalillarni yig‘ishga kirishgan.

Bu muammolarga aloqadorlikda gumon qilinayotgan kompaniyalardan bittasi singapurliklarga, 4tasi esa indoneziyaliklarga tegishli hisoblanadi.

Singapur qonunchiligiga ko‘ra, havoning ifloslanishida ayblangan yuridik shaxslar 72 ming dollardan 1,4 mln dollargacha bo‘lgan miqdordagi jarimalar bilan jazolanishi mumkin.

Singapur atrof muhitni muhofaza qilish vaziri Vivian Balakrishnanning ma'lum qilishicha, havoning zaharlanishi inson omili bilan bog‘liq va buning uchun jazo berilishi kerak.

Bugunga kelib, Singapurda havoning ifloslanish darajasi 2 kun oldingi 320 birlikdan 90-120 birlikkacha tushgan.
25 sentabr kuni mavjud vaziyat tufayli mamlakatdagi boshlang‘ich va o‘rta maktablar hamda bog‘chalar yopilgan.

Top