10:48 / 27.09.2015
3478

AQSh barcha davlatlarni Afg‘onistondagi giyohvandlik muammosiga qarshi kurashda yordam berishga chaqirdi

Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirilishi va jahon bo‘ylab tarqalishini istamaydigan barcha davlatlar bu muammoga qarshi kurashni moliyalashtirishi kerak. Bu haqda 26 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida AQSh davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Xizer Xigginbottom ma'lum qildi.

Uning qayd etishicha, AQSh Afg‘oniston hukumatining giyohvand moddalar yetishtirilishiga qarshi keng ko‘lamli harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

"Natijalarga erishish uchun biz keng ravishda hamkorlik qilishimiz zarur. Biz barchani bu muammodan keladigan tahdidning oldini olishda birlashishga chaqiramiz. Bu muammoning xavfi terrorizm balosidan kam emas", deydi u.

Xigginbottomning qayd etishicha, rasmiy Vashington boshqa davlatlar ham bu rejaning bajarilishi yo‘lida zarur mablag‘larni ajratishi kerak.

Uning ma'lum qilishicha, AQSh bu borada Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun hozirgacha 350 mln dollar sarflab bo‘ldi.

Ma'lum qilinishicha, Afg‘oniston giyohvandlik muammosidan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan davlat bo‘lib qolmoqda. Ayni vaqtda 3 mln nafar afg‘on (mamlakat aholisining 10 foizi) giyohvand modda iste'mol qiladi.

"Bu ko‘rsatkich dunyodagi davlatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan 2 barobar ko‘p demakdir", deydi Xizer Xigginbottom.

Biroz oldinroq, 17 sentabr kuni BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi yig‘ilishida ijrochi direktor Yuriy Fedotov butun dunyoda tayyorlanayotgan opiumlarning 85 foizi, geroinlarning esa 77 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelishini aytib o‘tgandi.

Afg‘onlar 2014 yilda giyohvand moddalar orqali jami 2,84 mlrd dollar daromad qilishgan. Bu esa mamlakat YaIMining 13 foiziga teng hisoblanadi.

Top