12:47 / 27.09.2015
2277

Denis Istomin Shenchjendagi turnirga yo‘l oldi

Denis Istomin Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yakuniga yetib borayotgan mukofot jamg‘armasi 1 million 30 ming dollarni tashkil qiluvchi turnirning juftliklar bahsi yarim finalida o‘z yurishini to‘xtatdi.

Belaruslik Aleksandr Buriy bilan juftlik hosil qilgan Istomin final chiptasi uchun filippinlik Trit Xuey hamda finlyandiyalik Xenri Kontinen hamkorligiga qarshi bahs olib bordi. Ikki set davom etgan uchrashuvda Istomin va Buriy raqiblariga 3:6, 5:7 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Eslatib o‘tamiz, Istomin St.Petersburg Open turnirining yakkalik bahslari chorak finalida avstriyalik Dominik Timga 2:6, 5:7 hisobida yutqazib qo‘ygan edi. Ushbu turnir g‘olibi 187 350 dollar mukofot puli hamda 250 reyting ochkosiga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonning birinchi raqamli raketkasi 28 sentabr kuni Xitoyning Shenjyen shahrida asosiy to‘r bahslari start oladigan ATP doirasidagi Shenzhen Open turnirida ishtirok etadi. Ushbu musobaqaning mukofot jamg‘armasi 668 ming 945 AQSh dollarini tashkil etadi.

Qur'a natijasiga ko‘ra Istomin ilk davrada chexiyalik Lukag Rosolga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi. Ushbu juftlik g‘olibini ikkinchi davrada Gilermo Garsiya-Lopes kutib turibdi. Ispaniyalik tennichi turnirda 4-raqam ostida tasniflangan bo‘lib, o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichdan boshlaydi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.

Taqqoslash uchun, Denis Istomin dunyo reytingida 72, Lukash Rosol esa 82-o‘rinni egallab turibdi. Musobaqa g‘olibi 110 ming 575 dollar mukofot puli hamda 250 reyting ochkosiga ega bo‘ladi. Birinchi davrada ishtirok etgan tennischilarning barchasi natijadan qat'iy nazar o‘z hamyonlarini 6275 dollarga boyitib olishadi.

Top