14:40 / 28.09.2015
2698

Lukashenko Deparde ishtirokidagi film uchun 2 mln dollar mablag‘ ajratdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko fransiyalik taniqli aktyor Jyerar Deparde ishtirokidagi «Normandiya — Neman» filmini suratga olish ishlari uchun 2 million dollar ajratdi. Bu haqda Gosfilmofond bosh direktori Nikolay Borodachev "Izvestiya" nashriga ma'lum qilgan.

Bu Fransiya, Rossiya va Belarus kinoijodkorlari hamkorligida amalga oshiriladigan eng katta loyiha bo‘lishi aytilmoqda.

Borodachevning aytishicha, ayni vaqtda film prodyuserlari tashkiliy masalalarni hal qilishmoqda. Ushbu filmda Deparde ikkinchi plandagi aktyor sifatida ishtirok etadi. U ushbu filmda mexanik qahramonni gavdalantiradi.

Deparde ushbu kartina haqida shu yilning iyun oyida Belarusga tashrif buyurgan vaqtida gapirib o‘tgandi. U ushbu film general Sharl de Gollning hayotida yuz bergan voqealar asosida suratga olinishi haqida ma'lumot bergandi. Filmning katta sahnalarga qachon chiqarilishi ma'lum emas. Deparde o‘shanda Belarusga faqat ishlash uchun kelmagani, bu yerda yashashni istashini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, «Normandiya — Neman» Fransiyaning Ikkinchi jahon urushi davridagi aviatsion polki bo‘lib, u 1942 yilda general Sharl de Goll tashabbusi bilan tashkil etilgan.

«Normandiya — Neman» uchuvchilari urush davomida 5 mingdan ortiq harbiy parvozlarni amalga oshirishgan va 900dan ortiq janglarda ishtirok etishgan.

1960 yilda ham ushbu polk haqidagi hujjatli film ekranlashtirilgan, unga fransiyalik Jan Drevil rejissyorlik qilgandi. O‘sha kartinada ham bir qator rus aktyorlari Nikolay Lebedev, Yuriy Medvedev, Vladimir Gusev, Nikolay Rybnikov, Vitaliy Doronin va Nina Grebeshkova ishtirok etishgandi.

Top