10:33 / 28.09.2015
5333

Tojikiston prezidenti dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan tog‘li davlatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

BMT Bosh Assambleyasining Barqaror taraqqiyot sammitida chiqish qilgan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ko‘plab davlatlar rivojlanish sohasida xalqaro moliyaviy ko‘maklar ko‘rsatilmasa, jahon savdo-sotig‘i jonlantirilib, yangi texnologiyalar yetkazib berilmasa, yangi maqsadlar va vazifalarni amalga oshira olmasligini ma'lum qildi.

“Yaqin vaqtlarda biz dunyodagi xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid soluvchi, barqaror taraqqiyot muvaffaqiyatlariga qarshilik qiluvchi xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va uyushgan jinoyatchilik, qurolli mojarolar, moliyaviy-iqtisodiy, ishlab chiqarish va energetik inqirozlar, tabiiy manbalar degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi, tabiiy va texnogen halokatlar, infeksion kasalliklarning tarqalishi singari umumjahon tahdidlar va chaqiriqlarning salbiy oqibatlari kuchaygan sharoitda yangi kun tartibini amalga oshirishga kirishamiz”, -dedi Tojikiston prezidenti.

Uning qayd etishicha, taraqqiyot sohasidagi yangi kun tartibining o‘ziga xosligi shundaki, unda barqaror rivojlanishning uch ustuni – iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy taraqqiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida qo‘yilgan aniq maqsadlar va vazifalar o‘zaro hamohang tarzda uyg‘unlashgan.

“Shubha yo‘qki, barqaror taraqqiyot yo‘lini boshlash oson va ravon kechmaydi. Shuning uchun oxiriga qadar hamjihatlikdagi qat'iyatni saqlab qolgan holda ko‘proq qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelayotgan davlatlarga yordam qo‘lini cho‘zish lozim”, - dedi prezident.

U o‘ziga xos vaziyatlardagi, xususan, tog‘li va murakkab landshaftga ega, shuningdek, dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Tojikiston Respublikasi rahbari ayni paytda o‘z mamlakati aholi farovonligini ta'minlashga yo‘naltirilgan 2016 yildan keyingi rivojlanishning yangi milliy strategiyasi ustida ish olib borayotganini aytib o‘tdi. Mazkur strategiyada “energetik xavfsizlikni ta'minlash, mamlakatni kommunikatsion berk ko‘chadan olib chiqish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash singari strategik maqsadlar” belgilab olingan.

Prezident xalqaro munosabatlardagi o‘zgaruvchanlikning oshgani va dunyoning turli qismlarida yangidan-yangi inqirozlar vujudga kelayotgani sharoitida mazkur vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni safarbar qilish tobora murakkablashib borayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Top