18:05 / 29.09.2015
2821

Xitoyda 249 nafar dangasa mansabdor jazoga tortildi

Xitoyda dangasaligi va turg‘unligi uchun deyarli 250ga yaqin mansabdor shaxslar jazolandi. Bu haqda Reuters «Sinxua» axborot agentligi bergan ma'lumotga tayanib xabar bermoqda.

Bunga sabab sifatida Xitoydagi bir qator taraqqiyot dasturiy loyihalariga pul ajratilishining kechikishi ko‘rsatilmoqda. Bir qancha provinsiya rahbarlari XXR raisi Si Tszinpinning poraxo‘rlikka qarshi kurash dasturi bo‘yicha shubha ostiga tushib qolmaslik maqsadida bir yarim yildan buyon katta loyihalarni tasdiqlamay kelgan.

Olib borilgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, 24ta provinsiyaning 249 nafar vakillari turlicha jazolanishgan. Kimdir ishdan haydalgan, kimlarningdir lavozimi pasaytirilgan bo‘lsa, yana boshqalari qattiq ogohlantirish olishgan. Mazkur holat yuzasidan yig‘ilib qolgan 296 milliard yuan (46,5 milliard dollar) miqdoridagi mablag‘lar taraqqiyot va ijtimoiy dasturlarni rivojlantirish dasturlariga shoshilinch ravishda investitsiya qilingan.

Xitoyda poraxo‘rlikka qarshi kurashish hozirgi hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. XXR raisi Si Tszinpinning shaxsan o‘zi 2013 yil martida bergan bayonotida bu borada keskin kurash olib borilishini ta'kidlab o‘tgandi.

Top