07:26 / 30.09.2015
10123

Islom Karimov Namangan viloyatiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 29 sentabr kuni Namangan viloyatida bo‘ldi.

Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti, inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari Namangan viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Viloyat ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, Vatanimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi o‘zgarib, aholining hayot darajasi yuksalib borayotir. Namangan shahridagi Istiqlol ko‘chasida 8, Bobur ko‘chasida 16 ko‘p qavatli turar joy binolari, ko‘plab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etildi. Namangan xalqaro aeroporti, “Yashil” dehqon bozori rekonstruksiya qilindi. Yangi yo‘llar, so‘lim xiyobonlar shahar chiroyiga chiroy qo‘shdi.

Viloyatda 2015 yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,7 foiz o‘sdi. Zamonaviy sanoat tarmoqlarini tashkil etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish izchil davom etmoqda. 2013-2015 yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 922 loyiha amalga oshirildi.

Prezidentimiz Namangan viloyatiga safarini Mingbuloq tumanidagi “Baraka” fermer xo‘jaligi bilan tanishishdan boshladi.

Joriy yilda viloyatda 79 ming gektar maydonda g‘alla ekilib, 500 ming tonnaga yaqin hosil ko‘tarildi. Bugungi kunda 82 ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta yig‘ib-terib olinmoqda.

Davlatimiz rahbari rahnamoligida yerlarning unumdorligini oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor samarasini “Baraka” fermer xo‘jaligi misolida ham ko‘rish mumkin. Fermer xo‘jaligida bu yil g‘allaning har gektaridan o‘rtacha 65 sentnerdan hosil olindi. Paxta dalalarida ham yuqori hosil yetishtirildi.

Islom Karimov mazkur fermer xo‘jaligi dalasida fermerlar bilan suhbatlashdi.

Muloqot chog‘ida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta'kidlandi.

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Namangan viloyatida ham ushbu soha jadal ravnaq topayotir. Kichik biznes sub'yektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 68,5 foizni tashkil etmoqda. Ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasida ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmi muttasil oshib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan 56,3 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi. 17 ming 260 yangi ish o‘rni yaratildi.

”Ilgari havas qilgan maqsadlarimizga bugun erishmoqdamiz. “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya odamlarimiz hayotida o‘z ifodasini topmoqda. Bu barchamizga qanot, o‘z kuchimizga ishonch, ayni chog‘da quvonch bag‘ishlamoqda”, dedi Yurtboshimiz.

Prezidentimiz Uychi tumanidagi “Obod zamin” fermer xo‘jaligi dalalariga ham tashrif buyurdi.

Mazkur xo‘jalik ishchilari bu yil g‘alladan 75 sentnerdan xirmon ko‘targan. Shu kunlarda yetishtirilgan mo‘l paxta hosili yig‘ib-terib olinmoqda.

Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Namangan viloyatida ham keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ko‘rkam uy-joylar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar shaharu qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Viloyatda o‘tgan yili 260, bu yil 140 namunaviy uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi massivlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo‘llar qurildi. Mahalla guzarlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport majmualari bunyod etildi.

Top