21:51 / 30.09.2015
2813

Mast erkak Rishton tumanida ikki haydovchini tunab ketdi

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida istiqomat qiluvchi 32 yoshli Inomiddin T. mast holatda 1982 yil tug‘ilgan Alisher A. ga boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomobilni to‘xtatib, ma'lum joyga olib borishni iltimos qiladi. Hech narsadan shubhalanmagan Alisher yo‘lovchini so‘ragan manziliga yetkazib qo‘yishga qaror qiladi.

“Na postu” nashrining xabar qilishicha, yo‘lda Inomiddinning niyati aynib, mashinani to‘xtatishni talab qiladi. Shundan so‘ng haydovchiga pichoq o‘qtalib, uni avtomobildan tushirib yuboradi va mashinani o‘zi haydab ketadi. Biroq ko‘p yurmasdan avtomobil o‘g‘risi boshqaruvni yo‘qotib, uni fermer xo‘jaliklaridan birining devoriga borib uradi. Talonchi mashina salonini titkilab, avtomobil g‘aladonida saqlanayotgan haydovchiga tegishli 350 ming so‘m pul va “Nokia” rusumli mobil telefonini olib, o‘z yo‘lida davom etadi.

Jinoiy harakatlarini tamomlamagan Inomiddin “Damas” rusumli mashinani to‘xtatadi va yuqoridagi ssenariy asosida haydovchi Davlat J. dan tuman markaziga eltib qo‘yishni iltimos qiladi. Manzilga yetganidan so‘ng hamyonidan pichog‘ini chiqarib, Davlatning yonida bo‘lgan 116 ming so‘m pulni zo‘rlik bilan olib qo‘yadi.

Jabrlanganlar arizasiga binoan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatchi qo‘lga olindi.

Top