07:18 / 30.09.2015
3117

Obama “IShID” mafkurasining o‘zini yo‘q qilish zarurligini aytdi

“IShID” terrorchilik guruhini jang maydonida mag‘lub etishning o‘zi yetarli emas, uning mafkurasini yo‘q qilish kerak, biroq bunga qurol bilan erishib bo‘lmaydi. Bunday fikrni AQSh prezidenti Barak Obama Nyu-Yorkda BMT bosh qarorgohida terrorchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha oliy darajadagi uchrashuvda bildirib o‘tdi.

Obamaning ta'kidlashicha, AQSh turli davlatlar, jumladan Tunis, Nigeriya va unga qo‘shni davlatlar bilan “IShID”ga vafodorligini e'lon qilgan “Boko Haram” kabi terrorchilik guruhlari bilan kurashda hamkorlikni mustahkamlamoqda. “Biroq “IShID”ni jang maydonida yutishning o‘zi yetarli emas. Biz radikallashish, yangi jangarilarni to‘plash, boshqa odamlarni zo‘ravonlikka chaqirishlarning oldini olishimiz kerak. Bu ularning mafkurasini yo‘q qilish demakdir. Mafkurani qurol bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi, bunga eng yaxshi g‘oyalar, o‘ziga tortuvchi va ishontiruvchi qarashlar bilan erishish mumkin”, deb aytdi Obama. Obamaning aytishicha, hozirda internetda “IShID”ga qarshi faol harakatlar boshlangan.

Obama “kambag‘allik o‘z-o‘zidan terrorchilik sababi bo‘lmaydi”, biroq bu Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika misollarida namoyon bo‘layotgandek, terrorchilar kun kechirish uchun vositalarning yetishmasligidan aziyat chekuvchi, “umidlardan mahrum bo‘lgan, nohaqlik va korrupsiya tufayli xo‘rlanishga uchrayotgan” odamlarning, ayniqsa yoshlarning noroziligidan foydalanadilar. Obama “bu borada imkoniyatlarning yaratilishi va barqaror rivojlanish “tajovvuzkor ekstremizmga qarshi kurashish” jarayonining bir qismi hisoblanadi”, deb aytdi. 

Obama terrorchilar “inson huquqlari rad etilganda va odamlar o‘z noroziliklarini tinchlik bilan bildira olmaganlaridan” yutishini aytdi. “Bu terrorchilar targ‘ibotini yanada zo‘raytiradi va zo‘ravonlikni oqlaydi”, deb o‘z so‘zini yakunladi Obama.

Top