15:11 / 30.09.2015
17642

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida harbiylar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi

Farg‘ona viloyatidagi Toshtepa aholijoyi yaqinidan o‘tgan chegara chizig‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmatlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda O‘zbekiston davlat chegarasini qo‘riqlash qo‘mitasiga tayangan holda Sputnik agentligi xabar bermoqda.

Voqea 28 sentabr kuni yuz berdi. Soat 12:00da ikki qirg‘izistonlik harbiy belgilangan chegarani buzib o‘tdi. O‘zbekistonlik chegarachilar ulardan birini qo‘lga oldi, boshqasi o‘z hududiga yashirindi.
“Qo‘lga olingan qonunbuzar qarshilik ko‘rsatdi. Natijada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilardan biri boshidan jarohat olib, hushini yo‘qotdi”, - deyiladi xabarnomada.

Aytilishicha, shundan so‘ng chegaradan bir guruh mahalliy aholi vakillari o‘tib, hushini yo‘qotgan o‘zbekistonlik chegarachini qo‘lga oldi. Ular harbiyga jarohat yetkazish barobarida, undan 7.62 mm kalibrdagi harbiy patronlarni komplektini, nayza-pichoq, soat, jyeton va boshqa buyumlarni tortib oldi.

Keyinchalik o‘tkazilgan muzokaralar natijasida o‘zbekistonlik chegarachi yurtiga qaytarildi. Harbiyning ahvoli o‘rtacha deb baholanmoqda. Uning buyumlari qirg‘izistonliklar qo‘lida qolib ketdi.

Top