08:36 / 01.10.2015
3270

Afg‘onistonda “Tolibon” uch kundan beri 300 ming aholiga ega Qunduzni o‘z nazoratida ushlab turibdi

Afg‘onistonda “Tolibon“ terrorchilik guruhining yirik bo‘linmalari va unga ittifoqdosh bo‘lgan “Haqqoniy tarmog‘i” guruhi 28 sentabrda bosib olgan, mamlakat shimolidagi 300 ming aholiga ega Qunduz shahrini uch kundan beri o‘z nazoratida ushlab turibdi. 

Afg‘onistonning kattaligi bo‘yicha 3-raqamli aholi punkti mamlakat xavfsizlik kuchlari bo‘linmalari va NATO maxsus kuchlari tomonidan o‘rab olingan.  

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Qunduzdagi janglarda 30 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ko‘proq odam yaralangan. Shaharning ozod etilishi istiqbollari noma'lumligicha qolmoqda.

Jangarilar otryadlari 28 sentabrda Toshkent vaqti bilan 06:30 da Qunduzga katta ko‘lamda hujum uyushtirgan. “Huquq-tartibot muassasalari hujum haqida ma'lumotga ega bo‘lganlar va unga tayyorlanganlar. Biroq biz bu hujumning ko‘lamini to‘g‘ri baholay olmadik, chunki jangarilar bir vaqtning o‘zida o‘nta turli yo‘nalishdan bostirib keldi”, deb aytdi Afg‘oniston IIV rasmiy vakili Sodiq Sodiqiy.

Toliblar bir urinishda shaharning katta qismini bosib oldi va tinch aholi qochib keta olmasligi uchun barcha yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.

Jangarilar butun shahar bo‘ylab, jumladan bosh maydonda o‘z bayroqlarini o‘rnatdi. Ularning nazoratiga davlat muassasalari, maktablar, Qunduz universiteti, qurol-aslaha va o‘q-dorilar omborlari o‘tdi. Mahalliy banklar, do‘konlar va xonadonlar talon-taroj qilindi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, jangarilar tomonidan yetkazilgan ziyon 1 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilishi mumkin. 

Top