16:33 / 01.10.2015
4525

Google.com domeni 12 dollarga sotib olindi

2015 yilning 28 sentabr kuni Google sobiq xodimi Sanmay Ved Google Domains xizmati orqali Google.com domenini qidiruvga berdi. Ayni shu vaqtda domen hech kimga tegishli bo‘lmagan, deya xabar berdi Business Insider.
Ved dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuruvchiga ega internet manzilini 12 dollarga sotib oldi. U bank kartasi orqali to‘lovni oshirgandan so‘ng Google ichki tarmog‘i orqali kompaniya tomonidan yuborilgan xatni qabul qilib oldi.


Natijada Ved Google boshqaruv paneliga kirish imkoniga ega bo‘ldi. Oradan bir daqiqa o‘tib Google uning xaridini bekor qildi va Ved Google.com domeniga ega bo‘lish uchun to‘lagan 12 dollarni qaytarib berdi. Shundan so‘ng Ved g‘aroyib savdosi haqidagi barcha tafsilotlarni LinkedIn`da qoldirdi.


Hozircha kompaniya Google.com domeni qanday qilib begona shaxslar qo‘liga o‘tib qolgani haqida ma'lum qilgani yo‘q. Vedning o‘zi esa holat Google Domains xatosi yoki Google domen muddatini o‘z vaqtida uzaytirmagani uchun ro‘y berganini taxmin qildi.

Top