11:01 / 02.10.2015
3357

Meksika politsiyasi jinoyatchilar guruhi tomonidan qo‘lga olingan 40 muhojirni ozod qildi

Meksikaning Tamaulipas shtati politsiyasi bir necha kun davomida jinoyatchilar tomonidan ushlab turilgan 44 nafar xorijlik muhojirni ozod qildi. 1 oktabr kuni xabar berilishicha, mintaqadagi huquqni muhofaza qilish organlari harakatlarini muvofiqlashtiruvchi guruh AQSh bilan chegaradosh Reynos munitsipalitetida maxsus amaliyot o‘tkazdi.

“Politsiya mahalliy aholidan qurolli jinoyatchilar necha o‘n muhojirni ushlab turgani haqida ma'lumot oldi”, - deyiladi xabarda. – O‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida turli mamlakatlar fuqarosi hisoblangan 18 erkak, 10 ayol va 16 bola ozod qilindi”. Jinoyatchilar yashirinishga ulgurgan bo‘lib, ayni paytda ularni qidirish ishlari olib borilmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, ozod qilinganlarning 35 nafari Salvador, 6 nafari Gvatemala, 2 nafari Gonduras va biri Nikaragua fuqarolaridir. Xorijliklarning aytishicha, bir necha kun davomida ularga yegulik berilmagan. Barcha qutqarilganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, so‘ngra migratsiya xizmati xodimlari qo‘liga topshirilgan.

Meksikalik jinoiy guruhlar ko‘p yillardan buyon “jonli tovar”larni AQShga noqonuniy eltish bilan shug‘ullanib, mo‘may daromad ko‘rmoqda. Ular Markaziy Amerika davlatlari fuqarolarini ma'lum mablag‘ evaziga Amerikaga yetkazib qo‘yadi.

Top