17:22 / 02.10.2015
6834

Mirabror Usmonov O‘zPFL klublari rahbarlari va murabbiylari bilan uchrashuvda kelishilgan o‘yinlar uchun keskin choralar ko‘rilishiga va'da berdi

Bugun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining anjumanlar zalida Mirabror Usmonov O‘zPFL klublari rahbarlari va murabbiylari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

"O‘zbekistonda sportni rivojlantirish bo‘yicha oxirgi yillarda qilinayotgan islohotlar, amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda sportni, shu qatorida futbolni rivojlantirishning o‘zbekcha modeli paydo bo‘ldi. Shu sababli ham dunyo mutasaddilari o‘z nutqlarida futboli jadal rivojlanayotgan mamlakatlar orasida O‘zbekiston nomi albatta tilga olib o‘tmoqdalar.

Bu e'tiroflar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolayotgani yo‘q. Chunki, mustaqillik yillarida o‘zbek futbolini rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qiladigan poydevor yaratildi. Shu bilan birga, futbolimizning ertangi kunini yanada yuksaltirishga, boshlangan buyuk ishlarni davom ettirishga qurbi-qudrati yetadigan, futbolimizning yangi davriga kirib kelayotgan yetuk va barkamol, mustaqil fikrlaydigan mutaxassislarning yangi avlodni kamol toptirish ishlari ham ishga qo‘yildi", deydi ushbu yig‘ilish avvalida Mirabror Usmonov.

Majlisda O‘zbekiston terma jamoalari murabbiylari, oliy liga klublarining murabbiylari va rahbarlari, Federatsiya va Professional futbol ligasining mutasaddilari ishtirok etdi. Unda 28 sentabr kuni e'lon qilingan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasining “Paxtakor”-“Metallurg” uchrashuvi bo‘yicha qabul qilgan qarori va uning futbol jamoatchiligi ichida bergan aks-sadosi muhokama qilindi.

Mirabror Usmonov futbolning yanada rivojlanishi yo‘lida tinimsiz mehnat qilib, uning taraqqiyotiga o‘zining kamtarona hissasini qo‘shayotgan mutaxassislarga minnatdorchilik bildirar ekan, muxlislarga halol kurashlarga boy bo‘lgan futbol musobaqalarini tashkil etishda qing‘irliklar ham borligini afsus bilan tilgan oldi.

“Biz kelishilgan o‘yinlar qarshi kurashadigan ekspertlar kengashini tashkil etayotganimizda futbolning tabiiy yaxlitligini saqlash, uni musobaqa doirasidan tashqaridagi kuchlardan himoya qilish va yakunda ishqibozlar maza qilib tomosha qiladigan o‘yinni tashkil etishni asosiy maqsadimiz qilib belgilab olgandik”, - deya so‘z boshladi Mirabror Usmonov.

Darhaqiqat, 2014 yilda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan “Kelishilgan o‘yinlarga qarshi bo‘yicha ekspertlar kengashi” tashkil etilib, taniqli futbol faxriysi Ahrol Inoyatov unga rais etib tayinlangan edi. Kengash futbol qoidalariga tegishli amaldagi barcha me'yoriy xujjatlar bilan tanishib chiqdi, futbol klublarining tuzilmasi o‘rgandi. Yakunda esa futbolda halol kurashni ta'minlash bo‘yicha klublar rahbariyati va bosh murabbiylariga javobgarlik yuklaydigan bir qator hujjatlar ishlab chiqildi. Joriy mavsum oldidan O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etayotgan klublar vakillari “Futbolning yaxlitligi haqida deklaratsiya”ni to‘ldirishdi.

Qo‘mita, shuningdek, O‘zbekiston chempionatining bu mavsumdagi barcha o‘yinlarining video tasvirlari sinchkovlik bilan ko‘rib, jamoalarni kuzatib bormoqda, matbuot monitoring qilinmoqda. Qo‘mita ish boshlashi bilanoq O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida sport prinsiplariga mos bo‘lmagan o‘yinlar haqidagi ma'lumotlar bazasi tashkil qilindi. Tegishli mutasaddilar har bir jamoa, murabbiy, futbolchi yoki hakamning bunday o‘yinlardagi ishtiroki bilan bog‘liq shubhali vaziyatlarni ko‘rib chiqdi.

Federatsiya prezidenti kun tartibidagi masala bo‘yicha mavzuni ochar ekan, Rustam Mirsodiqov haqida alohida gapirib o‘tdi.

“Masalan, kengash tomonidan taqdim etilgan bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, mavsum oxirigacha litsenziyasi olib qo‘yilgan Rustam Mirsodiqovning harakatlari avvallari ham shubhali ko‘ringan bo‘lsa-da, oxirgi vaqtlarda yaxshi tomonga o‘zgargan edi. U o‘zbek futboli uchun juda katta ishlarni qilgan va qilgan mehnatlarini biz qadrlaymiz. Aytsam ishonmaysiz, murabbiylar kengashining qaysidir majlisida, 2 oycha ilgari, terma jamoalardan biriga uning nomzodini ham ko‘rib chiqqan edik. Ming afsuski, Rustam Mirsodiqov qing‘ir ishlarning qurboni bo‘ldi. Bu ishning ustida turganlar esa uning bugungi ahvolini jimgina kuzatishdi”.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasining qarori futbol jamoatchiligi orasida turlicha aks-sado berdi, ammo muhokama qilganlarning aksariyati, “Paxtakor” jamoasining jazodan qutulib qolganligini juda tushunarsiz qabul qildi. Mirabror Usmonov mana shu masalaga ham e'tiborini qaratdi.

“Paxtakor”-“Metallurg” uchrashuvida yuz bergan voqea, bu katta sharmandalikdir”, - deydi u. To‘g‘ri, biz hozircha, Rustam Mirsodiqovning murabbiylik litsenziyasini mavsum oxirigacha qaytarib oldik. Lekin, bu bilan ushbu masalaga nuqta qo‘yilmadi. Bu masalaga Ijroiya Qo‘mitasi a'zolari hali qaytishadi va mavsum oxiriga qadar mojaroga daxldor boshqa jihatlar ham o‘rganilib, tegishli choralar qo‘llaniladi. Biz “Paxtakor” masalasini atroflicha o‘rganib, jamoatchilik uchun jumboqligicha qolayotgan jazo chorasini belgilaymiz. Bunga vaqt kerak”, - deydi Usmonov.

Bu orada Federatsiya rahbari O‘zbekiston klublari o‘rtasidagi musobaqalar reglamentiga kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha alohida band kiritish va umuman uni 2016 yildan boshlab qaytadan tuzib chiqish tashabbusi bilan chiqib, bu borada O‘FF Bosh kotibi Sardor Rahmatullayev va PFL direktori Farhod Magametovga topshiriq berdi.

“Reglamentda ayrim masalar ochiq qolib ketgan va biz yuzaga kelgan shu vaziyatlarni inobatga olib, bugun biz gapirayotgan mavzuga aloqadorligi aniqlangan shaxslarga qo‘llaniladigan jazo choralarini kuchaytirishimiz kerak. Kerak bo‘lsa, klubni quyi ligaga tushirib yuborish, ochkolarini olib tashlash, unvonlardan mahrum etish masalasini ham kiritishimiz kerak”, - deydi Usmonov.

“Men jamoatchilik fikrini o‘rganib chiqar ekanman, muxlis va jurnalistlarning o‘rinli savollariga duch kelyapman: nega faqat bir tomon jazoga tortildi? Gap shundaki, ushbu masalani o‘rganish asnosida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha ekspertlar kengashi raisi Ahrol Inoyatov “Paxtakor” klubi bo‘yicha hech qanday hujjat yoki isbot topa olmadi. Bu faqat hozircha”.

“Bilamiz, “Paxtakor” xalq jamoasi, lekin mavsum yakunlari bo‘yicha “Paxtakor”, chempion bo‘ladimi, kumush yoki bronza medallarini oladimi, qanday o‘rinni olishidan qat'iy nazar, bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin jamoa a'zolari bu medallarni qanday taqib yurisharkin? Va biz “Paxtakor”ni mana shu tomonlari uchun yoshlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatishimiz kerakmidi? Shumi xalq jamoasi?” deya kuyinib gapirdi Federatsiya rahbari.

Usmonov masalaga yanada chuqurroq yondashar ekan, bu mashmashalarda kimlarning qo‘li bor bo‘lishi mumkinligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Bu ishlarning boshida kim turibdi? Umuman, “Paxtakor” jamoasi rahbarlari ham ko‘chaga chiqishga uyalarmikin? Men bunday sharmandalikni ko‘tarolmagan bo‘lardim. Bilmadim, qanday bosh ko‘tarib yurishibdi. Ularning o‘rnida bo‘lganimda o‘z ixtiyorimga ko‘ra, yaxshilikcha futboldan ketardim”, - deydi Usmonov.

Mirabror Usmonov butun futbol jamoatchiligi kutayotgan savolga nihoyat javob berdi.

“Endi “Paxtakor” nega jazolanmadi?” degan savollarga javob berib o‘tsam: yil yakunlariga ko‘ra “Paxtakor” shunday jazolanadiki, futbol ishqibozlarini qing‘ir o‘yinlar bilan aldash uyoqda tursin, bu haqda xayoliga ham keltirganlar ham tavba qiladi”.

“Umuman kim deb o‘ylayapti o‘zini bu “Paxtakor” rahbarlari? “Metallurg” bilan mojaro sovib ulgurmay, bosh murabbiy No‘'mon Hasanovning Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi o‘yinda o‘zini qanday tutganini nima bilan izohlash mumkin?” – deydi Mirabror Usmonov.

Mirabror Usmonovning ta'kidlashicha kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishdagi asosiy gumondorlar bu klublarning katta rahbarlaridir. Hatto, klubda rasman ishlamaydigan katta-katta rahbarlar borki, futbolning bugungi ob-havosiga ta'sir ko‘rsatishga urinadi. Ular klublar, murabbiylar qolib, maydondagi futbolchilarni yo‘ldan urishga harakat qilishadi va bunday rahbarlar allaqachon kuzatuv ostiga olingan.

“Men sizga va'da beramanki, bunday rahbarlar yanvar oyigacha futboldan ketadi. Meni gapimni yaxshilab yetkazinglar, o‘zlari yaxshilikcha ketishmasa, sharmandalik bilan ketadilar”, deya so‘zini tugatdi Mirabror Usmonov.

Top