22:49 / 04.10.2015
8007

Xabardor.uz: Farrosh bo‘lolmagan biznesmen

Bir kishi “Microsoft” kompaniyasiga farrosh bo‘lib ishlash uchun kelibdi. Kadrlar bo‘limida u bir nechta testlardan, suhbatdan o‘tibdi va unga deyishibdi:

— Tabriklaymiz, sizni ishga qabul qilamiz. Bizga o‘z e-mailingizni qoldiring, ish jadvali haqida ma'lum qilamiz.

— Kechirasiz, mening kompyuterim yo‘q,– debdi boyagi kishi, – elektron pochtam ham yo‘q.

— Afsuski, u holda sizni ishga qabul qilolmaymiz. “Microsoft”ning barcha xodimlari bilan e-mail orqali aloqa qilamiz va ishimizning asosiy qismi kompyuterlar bilan bog‘liq. Shuning uchun sizni ishga ololmaymiz.

Bechora kishi tashqariga yo‘l olibdi va kompyuter uchun qanday qilib pul topishni o‘ylay boshlabdi. Cho‘ntagida atigi 30 dollar puli bor ekan. Qarasa, nariroqda bir fermer bog‘idan terib kelgan olmalarini sotayotgan ekan. U 10 kilo olma sotib olibdi va gavjum ko‘chalardan biriga borib olma sota boshlabdi. Ikki soatda uning puli ikki barobar, olti soatdan keyin esa 10 barobarga ko‘payibdi. U “Microsoft”ga ishga kirmasdan ham yashash mumkinligini tushunibdi.

Bir qancha vaqtdan keyin erkak avtomobil sotib olibdi, avvaliga kichik do‘kon, keyinroq magazin ochibdi. Besh yildan keyin supermarketlar tarmog‘ini tashkil qilibdi. Shundan so‘ng u biznesini sug‘urta qildirmoqchi bo‘libdi, sug‘urta agenti esa undan elektron pochtasini qoldirishni so‘rabdi. Biznesmen xuddi bir necha yil oldingi singari unda e-mail ham, kompyuter ham yo‘qligini aytibdi.

– Qoyil! – debdi sug‘urta agenti, – kompyuteringiz yo‘q bo‘la turib shunday biznesga ega ekansiz! Agar komyuteringiz bo‘lganida kim bo‘lardingiz ekan?!

Biznesmen unga jilmayib javob qaytaribdi:

– U holda “Microsoft”da farrosh bo‘lardim.

Manba: xabardor.uz

Top