22:43 / 04.10.2015
8615

Xabardor.uz: Internet va bola: to‘qilmagan real hikoya

Ko‘pchilik ota-onalar farzandlari ko‘p vaqtini internet bilan o‘tkazayotganidan tashvishlanishadi. Ularning fikricha bu holat bolaning sog‘lig‘iga zarar, odamlardan ajaratib qo‘yadigan vosita, yomon o‘qishiga ta'sir etuvchi illat va real hayotda ojiz qilib qo‘yadigan baloi azimdek tuyuladi. Aslida ham shundaymi? Bu haqda quyida fikr yuritamiz.

Kunlarning birida ikki ayolning, internet bolalarni buzayotgani va hayotda ularni ojiz qilib qo‘yayotgani haqidagi suhbatlarini nogohon eshitib qoldim. Suhbat davomida “bizning davrimizda bolalar boshqacha: hamma narsaga qodir, ziyrak, chiqishib ketadigan va savodli edi. Hozirgilarda bu narsalar yo‘q va barchasiga internet aybdor”, degan gaplar ham aytildi.

Bu hozirgi paytda aytilayotgan yagona fikr emas, ko‘pchilik kattalar internet haqda shunga o‘xshash fikr bildirishadi. Yaxshisi, keling, bir eslab ko‘raylik, internetsiz hayotimiz qanday bo‘lgan edi? Men o‘zimning hayotimda uchragan ayrim voqealar haqda sizga gapirib bermoqchiman.

Men kirish ham chiqish ham qiyin bo‘lgan yopiq harbiy shaharchada dunyoga keldim. Shu bois bu yerda qarindoshlar yoki yangi kishilar kamdan-kam ko‘rinishardi. Men esa barchadan baxtli edim: yozda ota-onam meni bizdan 600 km uzoqlikda yashovchi buvimnikiga olib borishardi. Bu men yil bo‘yi kutgan sarguzashtlar makoni edi. Boshqa bolalar esa shahar chetida hayot qanday bo‘lishini tasavvur ham qila olishmasdi. Qachonki men qaytib kelsam, butun mahalla bolalari mening sarguzashtlarim haqida eshitish uchun yonimga yig‘ilib kelishardi.

Biz Disneylend haqida eshitgandek, ammo uning nima ekanligi va qayerda joylashganini bilmas edik. O‘shanda bizda uning suratlarini ko‘rishga, qayerda joylashganini aniqlashga va yoki kimdandir so‘rab bilishga Google yo‘q edi. Biz o‘zimiz u haqda bir nimalar o‘ylab topar va buni bir-birimizga gapirib berar edik. Biz uchun Disneylend qolgan barcha bilmagan narsalarmiz qatori sirli va afsonaviy joy bo‘lib qolgandi.

Bizda YouTube yo‘q edi, shu bois multfilmlar, kinolar va ko‘rsatuvlarni qayta-qayta ko‘raverardik, bir xil, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yurgan kitoblarni qayta-qayta o‘qiyverardik va eshitaverib siyqasi chiqib ketgan voqealarni yana so‘zlayverardik. 

Dunyoqarashimiz anchayin cheklanib qolgandi. Biz judayam o‘zshash, bir xil bolalar edik. Va bu hayotni zerikarli etib ko‘rsatardi. Har zamonda bir zamon hovlidagi g‘iybatlardan biror-bir yangilik eshitib qolar edik, xolos.

O‘z fikrlari, dunyoqarashlari, didlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi insonlar uchun bu qanday ta'sir etardi? Ular shunchaki yakkamaxovlarga aylanishardi. Ular bilan hech kim gaplashmas, shu bois o‘zlarini qopqonda o‘tirishgandek his etishar, ayrimlari hatto aqldan ham ozar edilar. Esimda, maktabda xuddi ana shunday “telba” bolalar yo‘q emasdi.

Otam tez-tez oylab safarga jo‘nar edi. Bir safar u yil bo‘yi bo‘lmadi. O‘sha paytda Skype yo‘q edi, shu sababdan u bilan oyida bir-ikki marotaba telefon orqali so‘zlashib turardek xolos. To‘g‘risini aytsam, buni suhbat ham deb bo‘lmasdi, chunki aloqa ancha sifatsiz va qimmat turar, shu bois gaplashish sog‘liq va ishlar haqida so‘ralgan bir-ikki savoldan nariga o‘tmasdi.

Biz katta bo‘lgach, mening yaqin do‘stim boshqa shaharga ko‘chib ketdi. Men uchun bu katta yo‘qotish edi. Bu judolikni yengib o‘tish oson bo‘lmaganligini hamon eslayman. Bir qancha vaqt xat orqali aloqa qilib turdek, ammo vaqt o‘tishi bilan bu yozishmalar ham to‘xtadi. Biz bir-birimizni uzoq yillardan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lgachgina topdik.

Bugun men Google dan farzandimning dunyoqarashini kengaytirish yo‘lida foydalanaman. Masalan, biz kuni kecha, hayvonot bog‘ida o‘rnatilgan kamerada suratga tushirilgan video orqali Afrika fillari qanday ovqatlanishini kuzatdek. Bir necha kun oldin esa, Niagara sharsharasiga onlayn sayohat qilgandek. YouTube orqali esa narsalarning qanday paydo bo‘lishi haqidagi multfilmni tomosha qildek. Ozon.ru orqali esa, uxlashdan oldin o‘qiydigan istalgan kitobimizni osongina topa olamiz. Agar bir necha kunga ajralishimizga to‘g‘ri kelsa, Viber orqali qancha istasak shuncha gaplashamiz.

Va men shuni yaxshi bilamanki, mening to‘rt yashar o‘g‘lim, men o‘n yoshimda ham bilmagan narsalarimni yaxshi tushunadi. Xo‘sh, shunday ekan, qaysi birimiz noshud bo‘lib o‘sgan ekanmiz?

Bularning barini gapirib berishimdan maqsad, internet sizu biz o‘ylaganchalik vahshiy narsa emas. To‘g‘ri, tan olish kerakki, internetning yomon tomonlari ham bor. Ammo bu psixologlar aytganidek, muammoning o‘zi emas, balki uning oqibatlaridir.

Agar bola ko‘p vaqtini internet qarshisida o‘tkazsa, unda u bolaga muloqot yetishmaydi. Balki tengdoshlari bilan muammolar bordir. Balki ota-onasi unga yetarlicha vaqt ajratmayotgandir. Yoki bo‘lmasa bolaning ko‘p vaqti bor-u, u uni nimaga sarf qilishni bilmayotgandir. Aslida, bu ham ota-onaning aybi.

Men tashxis qo‘yadigan bolalar psixologi emasman. Agar siz bolangizni ko‘p vaqtini internet qarshisida o‘tkazayotganini ko‘rsangiz, uni nega bunday qilayotgani haqida o‘zidan so‘rab biling. Agar barchasi juda murakkab bo‘lsa, u holda bularni tushunadigan mutaxassisga murojaat qiling.

Bu hikoyam bilan shuni aytmoqchimanki, internet farzandlarimiz dunyoqarashi, bilim olishi uchun juda ko‘p imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Biz bundan unumli foydalanishimiz zarur. Qolgani esa, har bir ota-onaning shaxsiy ishi.

Manba: xabardor.uz

Top