18:50 / 05.10.2015
6039

AQShda “mingyillik suv toshqini”

5 oktabr kuni AQShning Janubiy Karolina shtatida maktablar va yirik avtomobil yo‘llari yopildi. Bunga Atlantikada paydo bo‘lgan “Xoakin” to‘yfoni keltirib chiqargan tinimsiz yomg‘irlar natijasida vujudga kelgan yirik suv toshqinlari sabab bo‘ldi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, shtatdagi tumanlardan birida yog‘ingarchilik miqdori bir sutkada 450 millimetrni tashkil etgan.

Shtat gubernatori Nikki Xeyli jurnalistlar oldida so‘zga chiqib, bunday suv toshqinlari mintaqada ming yilda bir bo‘lishini aytib, aholini o‘z uylaridan zaruratsiz chiqmaslikka chaqirdi. Ayni paytda tabiiy ofat natijasida halok bo‘lganlar soni olti nafarga yetgan. Ularning besh nafari shtatning suv bilan to‘lgan yo‘llarida sodir bo‘lgan avariyalar natijasida hayotdan ko‘z yumishdi.

Yuz nafardan ziyod kishi Janubiy Karolina yo‘llarida qolib ketgan avtomobillar ichidan evakuatsiya qilindi. Hududdagi ming nafardan ziyod aholi esa elektr ta'minotisiz qolgan. Charlstonning tarixiy qismida ko‘chalar suv ostida qolgan bo‘lib, ayrim binolar qum to‘ldirilgan qoplar yordamida tabiiy ofatdan himoya qilinmoqda.
3 oktabr kuni AQSh prezidenti Barak Obama shtat hududida favqulodda holat e'lon qilib, Janubiy Karolina shtati rahbariyatiga tabiiy ofatga qarshi kurash uchun federal yordam olish imkonini tug‘dirdi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda professional jurnalistlar va suv ostida qolgan mintaqa aholisi tomonidan olingan yuzlab fotosuratlar va videoroliklar e'lon qilinmoqda.

Top