16:40 / 05.10.2015
5791

Chelyabinsklik o‘smir o‘ziga kompyuter o‘ynashni taqiqlagan onasini o‘ldirdi va otasini jarohatladi

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi Turgoyak shaharchasida yashovchi 15 yoshli o‘smir o‘z oilasidagilarga pichoq bilan hujum qildi. Bu hodisaga ota-ona tomonidan unga World of Warcraft nomli kompyuter o‘yini taqiqlangani sabab bo‘lgan.

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Anton ismli ushbu o‘smir shaharcha chetidagi ko‘l qirg‘og‘ida qonga belangan ahvolda ushlangan.

Aniqlanishicha, u maktabdan 2 baho olib qaytgach, ota-ona uni jazolash maqsadida kompyuter o‘ynashni man qilib qo‘ygan.

Shundan so‘ng, u oshxona pichog‘ini qo‘liga olgan va o‘z onasiga halokatli zarbalar berib, otasini qattiq jarohatlagan.
U o‘zining nima qilib qo‘yganini anglagach esa o‘zini cho‘ktirish maqsadida ko‘lga qarab yo‘l olgan.

"15 yoshli o‘smirga nisbatan "Qotillik" moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Tergovda aniqlanishicha, 2015 yilning 4 oktabr kuni Miassadagi uylardan birida maishiy janjal yuz bergan va gumondor shaxs o‘z onasiga pichoq bilan o‘limga olib keluvchi zarbalar bergan hamda o‘z otasini jarohatlagan.
Ayni vaqtda dalillar yig‘ilmoqda. Tergov jarayoni davom etmoqda", deyiladi Rossiya Tergov Qo‘mitasining Chelyabinsk viloyati bo‘yicha bo‘limi xabarida.

Ayni vaqtda o‘smirning ikkinchi jabrlanuvchisi bo‘lmish ota shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

Qayd etilishicha, bu voqeadan oldin ushbu o‘smir maktabdagi eng a'lochi va odobli o‘quvchilardan biri bo‘lgan.

Top