19:39 / 05.10.2015
2257

Jyek Dorsi doimiy asosda Twitter’ning bosh direktori etib tayinlandi

Twitter mikrobloglar xizmati asoschilaridan biri Jyek Dorsi doimiy asosda Twitter Inc. kompaniyasining bosh direktori etib tayinlandi. Bungacha Dorsi (joriy yilning iyunidan, Dik Kostolo iste'foga ketgandan keyin) kompaniyani "vaqtinchalik bosh direktor" maqomida boshqarayotgan edi.

Dorsi, shuningdek, Square to‘lov startapi rahbari lavozimini ham saqlab qoladi. U bu startapga Twitter’dan ketgandan keyin rahbarlik qilgan. Twitter boshqaruvi o‘z e'tiborini bitta kompaniyaga qaratadigan bosh direktorni topish istagini bildirgan, biroq ko‘rinishicha munosib nomzod topilmaganga o‘xshaydi.

Yirik korporatsiyalarda bir vaqtda ikkita kompaniyaga boshchilik qiluvchi rahbarning ishlashi kamdan-kam uchraydigan holatdir. Chunki bunda muqarrar ravishda Dorsi o‘z ishini qanchalik samarali uddalay olayotgani haqida savollar tug‘ilaveradi.

Shu bilan birga xizmatning nufuzli aksiyadorlari anchadan beri unga Dorsi boshchilik qilishini talab qilishayotgan edi. Ularning aytishicha, Twitter’da taqdim qilinayotgan xizmat borasida undan boshqa hech kim unchalik chuqur tushunchaga va uning istiqbollarini ko‘ra bilish qobiliyatiga ega emas.

Dorsi kompaniya rahbariyatida birinchi o‘rin almashtirishlar bo‘lishini ma'lum qildi.

Top