12:02 / 05.10.2015
5549

New York Times AQShning IShIDga qarshi kurashni faollashtirish rejasidan boxabar bo‘ldi

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Suriya hududida IShIDga qarshi kurashni faollashtirishni ko‘zlamoqda. Bu haqda New York Times Pentagon va Oq uydagi axborot manbalariga asoslanib xabar bermoqda.

IShIDning norasmiy poytaxti sanaluvchi Rakkaga bosimni kuchaytirish maqsadida Suriya shimoli-sharqida yangi frontni ochish Vashington rejasidan o‘rin egallagan. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Barak Obama hujumkor operatsiyalarni tezlashtirishga qaratilgan ikki qadamni tashlashga ruxsat berdi.

Jumladan, u ilk marta qurollangan Suriya muholifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir qator harbiy aslahalarni yetkazishga qaror qildi. Shuningdek, Barak Obama jangarilar pozitsiyalariga aviazarbalar berish jadalligini kengaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur choralar 3-5 ming muholifat jangchilarining 20 ming nafarlik kurd jangarilari bilan birga koalitsiya aviatsiyasi ko‘magida Rakkaga hujum amaliyotini o‘tkazish maqsadida ko‘rilmoqda. Vashington fikricha, operatsiya IShID guruhi ta'minot olayotgan Turkiya-Suriya chegarasi ustidan nazorat o‘rnatishga ham xizmat qiladi.

Top