15:53 / 05.10.2015
3954

OAV: “Tolibon” jangarilari Afg‘oniston shimolida hujumlarini davom ettirmoqda

Afg‘oniston shimolida “Tolibon” harakati jangarilarining hujumlari davom etmoqda. Bu haqda Hama Press agentligi xabar qildi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, ekstremistlar 4 oktabr kuni Faroh provinsiyasi ma'muriy markazi hisoblangan Meymene shahrini bosib olishga urinib ko‘rishdi.

Shuningdek, toliblar bir necha yo‘nalishda Qunduz shahrini qayta qamal qilishga harakat qildi. Biroq bu safar Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari terrorchilarning hujumlarini bartaraf etishning uddasidan chiqqan.
To‘qnashuvlar jarayonida yetti nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, 23 jangari yo‘q qilindi.

Shu bilan bir qatorda, afg‘on harbiylari respublika sharqidagi Nangarhor provinsiyasida aksilterror harakatlarini olib borishdi. U yerda yetti tolib yo‘q qilindi, sakkiz nafari qo‘lga olindi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada 300 ming aholi istiqomat qiladigan Qunduz shahri “Tolibon” jangarilari tomonidan qo‘lga olingan edi.

Shahar afg‘on harbiylari tomonidan qaytarib olinib, 150dan ziyod jangarilar yo‘q qilinganiga qaramasdan, terrorchilar mamlakat shimolida keng bosqinchilik hujumlarini olib bormoqda. Ular afg‘on-tojik chegaralari yaqinidagi qator provinsiyalardagi bir necha tumanini o‘z nazorati ostiga olishga erishdi.

Top