10:08 / 06.10.2015
6641

O‘zbekistonlik qizilmiya eksportyorlari imtiyozlarga ega bo‘lishdi

O‘zbekistonlik jismoniy va yuridik shaxslar 2016 yilning 31 dekabriga qadar mamlakat tashqarisiga xom ashyo ko‘rinishidagi qizilmiya o‘simligini olib chiqish to‘lovlaridan (bir tonnasi uchun 225 dollar) ozod qilindi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 30 sentabrda qabul qilingan “O‘simlik dunyosi obektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Mazkur choralar xom ashyo ko‘rinishidagi qizilmiya o‘simligini eksport qilishga qiziqish bildirgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay sharoitlarni yaratish va mintaqadagi yirik qizilmiya eksportyori – O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirishdan iborat.

Review.uz ma'lumotlariga ko‘ra, faqatgina Qoraqalpog‘istonda 2015 yilda qizilmiya yetishtirish hajmi 1500 tonnaga qadar ortdi. Milliy tijorat banklari yordami bilan hududda qiymati 2,3 mln dollar bo‘lgan yangi ishlab chiqarish obektlari barpo etildi. Dorivor xom ashyoning asosiy xaridori esa ushbu mahsulotga ehtiyoj tobora ortib borayotgan Xitoy davlati hisoblanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2010 yilda Xitoyga 2281 tonna mazkur o‘simlik ildizini sotib, bu borada Xitoy umumiy importining 47,74 foiziga egalik qildi. O‘zbekistondan Xitoyga qizilmiya eksport qilish hajmi 2007 yildan 2011 yilga qadar 30 barobargacha ortdi. Birgina 2012 yilda Xitoy O‘zbekistondan 9,9 mln dollarlik qizilmiya sotib oldi.

Top