12:06 / 06.10.2015
7700

Toshkentdagi lyuks mehmonxona qurilishi pensiya jamg‘armasi hisobiga davom ettiriladi

O‘zbekiston hukumati poytaxtdagi besh yulduzli Hyatt Regency mehmonxonasi qurilishini Jamg‘arib boriluvchi pensiya tizimi mablag‘lari hisobiga nihoyasiga yetkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda Sputnik agentligi muxbiri.

Toshkentdagi ikkinchi oliy toifali mehmonxona qurilishi ishlari poytaxt ma'muriyati va Hyatt International kompaniyasi tomonidan uning bunyod etilishi to‘g‘risida shartnoma imzolangan 2012 yildayoq boshlangan edi. Dastlab 2013 yil o‘rtalarida obektni ishga tushirish rejalashtirildi, so‘ngra ushbu muddat 2015 yilga qoldirildi.

Yangi rejaga binoan, mehmonxona 2016 yilning iyul oyida ish boshlashi kerak. Qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilishi uchun “Xalq banki” Jamg‘arib boriluvchi pensiya tizimi mablag‘lari hisobidan besh yil muddatga yillik stavkasi 10 foiz bo‘lgan 100 mlrd so‘m (37,9 million dollar) ajratdi.
Shu bilan bir qatorda, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari kelgusi 2016 yilda loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha ravishda 77,4 milliard so‘m (29,3 million dollar) ajratish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Ayni paytda tomondar zamonaviy mehmonxona jihozlari va inventarlarini yetkazib beruvchi, shuningdek, ichki muhandislik va pardozlash ishlarini amalga oshiruvchi subpudratchini tanlab bo‘lishdi. Mazkur vazifalarni Turkiyaning Apeas Muhendislik Insaat Taahhut ve Dis Ticaret kompaniyasi bajaradigan bo‘ldi.

Qurilish ishlari olib borilayotgan davr mobaynida tomonlar mehmonxona fondini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqishdi. Boshlang‘ich davrda 294ta xonani barpo etish mo‘ljallangan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 305tani tashkil etadi.

Loyihaning umumiy qiymati ham oshib, dastlabki 113 million dollardan 205 million dollarga qadar yetdi.
Hyatt International kompaniyasi obekt qurilishi va jihozlanishi davrida texnik konsultatsiya xizmatini ko‘rsatsa, ishga tushirilganidan so‘ng uni boshqarishni o‘z zimmasiga oladi.

Top