11:51 / 06.10.2015
4341

YuNVTO O‘zbekistonga turist nigohi bilan qarab ko‘rdi

BMT butunjahon turizm tashkiloti O‘zbekistonga tashrif buyurgan turistlarning taassurotlariga asoslangan hisobot tayyorladi.
Unda keltirilishicha, O‘zbekistonga eng ko‘p sayyohlar Rossiya, Turkiya, Hindiston, Germaniya va Janubiy Koreyadan keladi.

Aynan shu davlatlar O‘zbekistonning eng yaqin savdo va iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi. Sayyohlarning o‘rtacha yoshi 50da. Ularning asosiy qismi oliy ma'lumotga ega bo‘lib, turistik paketlar vositasida sayohat qiladi.
Respondentlarning 77 foizi O‘zbekistonga YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy yodgorliklarni ko‘rish uchun kelganliklarini ta'kidladilar.

Boshqa bir guruh sayyohlar esa Ipak yo‘li brendiga qiziqishi ularni bu mintaqaga undaganini ta'kidlab o‘tdilar. Sayyohlar O‘zbekistonda o‘rtacha 10 kun bo‘lishadi, bu davr ichida ko‘pchilik Samarqand, Buxoro va Toshkentda bo‘lib ulguradi. Xiva, Termiz va Farg‘ona vodiysiga tashrif buyuruvchilar miqdori hozircha kamroq.

Shuningdek, turistlarning 72 foizi bu yerdagi narxlarning qoniqarli ekanligini ta'kidlab o‘tishdi. 83 foizi esa O‘zbekistonni turistlar uchun xavfsiz mamlakat deb baholadi. O‘zbekistonga yo‘naltirilgan eng qulay reyslarni Uzbekistan Airways (56 foiz), Turkish Airlines (14 foiz) va Aeroflot (9 foiz) kompaniyalari taqdim etib kelmoqda.

Top