17:23 / 07.10.2015
3624

“Ipak yo‘lida turizm” XXI Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakuniga yetdi

Toshkent shahrida 5-7 oktabr kunlari XXI "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Shveytsariya, Latviya, Rossiya, Polsha, Slovakiya, Chexiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Vetnam, Malayziya, Tailand, Turkiya, Dominikan Respublikasi, Isroil, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston singari davlatlardan 700dan ziyod sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Milliy va xalqaro sayyohlik tashkilotlari, mehmonxona va restoranlar, muzeylar, bank xizmatlari, sug‘urta kompaniyalari hamda oromgohlar vakillari ishtirok etgan ushbu yarmarkada mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va taklif etilayotgan xizmatlar, xushmanzara tabiatimiz va noyob me'moriy obidalarimiz aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari namoyish qilindi.

Xalqaro yarmarka doirasida “Madaniy merosni asrash O‘zbekiston sayyohlik sohasi rivojining muhim omili” mavzusida xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. Bir qancha mamlakatlar va shaharlarning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar, sohaga oid amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida qator yo‘nalishlar bo‘yicha sayyohlik sohasining eng yaxshi va faol g‘oliblari aniqlandi va taqdirlandi.

Top