19:27 / 07.10.2015
3872

Boks bo‘yicha JChning ikkinchi kunida Elshod Rasulov va Elnur Abduraimov o‘z janglarida g‘alaba qildi

Qatar poytaxti Doha shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslari davom etmoqda. O‘z tarixida 18-marotaba tashkil etilayotgan dunyo birinchiligida 260 nafar bokschi 10ta vazn toifasida bahslarga kirishgan.

Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Murodjon Ahmadaliyev, Fazliddin G‘oibnazarov, Elnur Abduraimov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Elshod Rasulov, Rustam To‘laganov hamda eng og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov himoya qiladi.

Birinchi kungi bahslardan so‘ng o‘zbekistonlik ikki nafar charm qo‘lqop ustasi – 56 kg vazn toifasidagi Murodjon Ahmadaliyev hamda -75 kg vazndagi Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev mos ravishda italiyalik Franchesko Mayettu (3:0) va gruziyalik Zaala Kvachatadze (1-raundda nokaut bilan)ni g‘alaba qilishgan edi.

Bugun -60 kg vaznda Elnur Abduraimov jazoirlik Redda Benbazizni 3:0 (30:27, 30:27, 30:27) hisobida taslim etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.

Shuningdek, -81 kg vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasining eng tajribali bokschisi Elshod Rasulov venesuelalik Alberto Duranoni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi davraga yo‘llanma oldi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatiga eng ko‘p ishtirokchi Yevropadan kelgan – 94 nafar. Osiyodan – 66, Shimoliy va Janubiy Amerikadan – 51, Afrikadan – 32, Okeaniyadan – 17 nafar bokschi chempionat medallari va Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun ringga ko‘tariladi.

Final janglari 15 oktabrga belgilangan. Ushbu jahon chempionati Rio-2016 Olimpiadasiga yo‘llanma berishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.

Top