20:58 / 07.10.2015
3698

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Butunjahon munosib mehnat kuniga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 7 oktabr — Butunjahon munosib mehnat kuniga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, kasaba uyushmalari faollari, Xalqaro mehnat tashkiloti hamda Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, O‘zbekistonda aholi bandligini to‘liq ta'minlash, xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoiti yaratish, ular mehnatiga munosib haq to‘lash yo‘nalishlarida tizimli ishlar ro‘yobga chiqarilmoqda. Keyingi yillarda ish joylarida qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarining yaratilishi ahamiyati, bunday shart-sharoitni ta'minlashda ish beruvchilar ijtimoiy mas'uliyatini oshirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ayni chog‘da hukumat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida Munosib mehnat konsepsiyasi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqlari kafolatlanmoqda. Xususan, Munosib mehnat konsepsiyasiga asosan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan mehnatkashlarni huquqiy jihatdan himoya qilish va ular murojaatlari yuzasidan tezkor amaliy choralar ko‘rish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida kasaba uyushmalariga kelgan 5 ming 800 dan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqilib, shundan 5 mingdan ortig‘i — 88,3 foizi ijobiy hal etildi. Xodimlarning kasbiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoyalash bo‘yicha ish beruvchilarga kiritilgan 175ta taqdimnomaning 145tasi, sudlarga berilgan 54ta da'vo arizasining 39tasi qanoatlantirildi. Pirovardida esa 1105 nafar shaxsning qonuniy huquqlari tiklanishi hamda ularga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning undirib berilishiga erishildi.

Mehnat sohasida ta'sirchan davlat va jamoatchilik nazorati o‘rnatilgani, shu maqsadda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida samarali ijtimoiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning munosib mehnat huquqlarini ta'minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Davra suhbatida O‘zbekiston kasaba uyushmalarining aholi bandligini ta'minlash borasidagi faoliyati tahlil qilindi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bandligini ta'minlash maqsadida ularning kvotalangan ish o‘rinlariga qabul qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish, vaqtincha band bo‘lmagan fuqarolarni mehnat yarmarkalariga jalb qilish, kasanachilik o‘rinlarida mehnat qilayotganlarga nisbatan jamoa shartnomalarida ko‘zda tutilgan imtiyoz va qulayliklar tatbiq etilishiga erishish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda aholini ish bilan ta'minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hududiy dasturlariga ko‘ra, yangi ish o‘rinlari yaratilishi ustidan jamoatchilik monitoringi doirasida kasaba uyushmalari tomonidan jami 4 ming 316 korxona va tashkilotda 28 ming 80 ta ish o‘rni haqiqatda yaratilgani o‘rganildi. Ayni chog‘da kasaba uyushmalari tashabbusi bilan kichik korxonalar, aholiga servis va pullik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish orqali 192 ta ish o‘rni ochildi.

Nodavlat sektori korxonalarida kasaba uyushma tashkilotlarini tuzish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari xodimlarini kasaba uyushmalariga jalb etish orqali ularning ijtimoiy himoyasini ta'minlash borasidagi ishlar ham tadbir ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ldi. Joriy yilning o‘tgan davrida 23,5 mingga yaqin xo‘jalik sub'yektlari — agrofirma, oilaviy va xususiy korxonalarda band bo‘lgan 100 mingdan ziyod xodimlar kasaba uyushmalariga jalb qilinib, ular ijtimoiy himoyasi ta'minlangani buning misolidir.

Mamlakatda yoshlar siyosatini amalga oshirish va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasida ham kasaba uyushmalari faol ishtirok etmoqda, shuningdek, ularning mehnat va ijtimoiy masalalar yuzasidan bilimlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kasaba uyushmalari tomonidan jamoa shartnomasi orqali mehnatkashlar va ularning oila a'zolarini moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, dam olishi, sog‘lomlashtirilishini tashkil etish yo‘nalishlarida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, shu yilning o‘tgan davrida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 150 ming nafardan ortiq kishiga qariyb 79,2 milliard so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.

Davra suhbatida mavzu bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi. Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarning barchasi mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatining, shuningdek, davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik samarasi ekanligi hamda fuqarolarning munosib mehnatga bo‘lgan huquqlarini to‘laqonli ta'minlash uchun xizmat qilayotgani alohida e'tirof etildi.

Butunjahon munosib mehnat kuniga bag‘ishlangan davra suhbatlari xudda shu kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida o‘tkazildi.

Top