17:54 / 07.10.2015
17377

O‘zbekistonda "Orasta qizlar" to‘garaklari ommalashmoqda

Xalq ta'limi vazirligi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikadagi barcha umumta'lim maktablarida “Orasta qizlar” to‘garagi faoliyati tashkil etilgan.

Mazkur to‘garakka umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘quvchi-qizlari a'zo bo‘lishib, ularda bolalar, o‘smirlar va yoshlarda shaxsiy gigiyenik qoidalarni to‘g‘ri shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, ularda o‘zining va atrof-muhitning tozaligiga e'tiborni kuchaytirish, ekologik va tibbiy madaniyatni yuksaltirish, ayniqsa qizlarning o‘zaro munosabatlaridan unumli foydalangan holda, ular o‘rtasida balog‘atga yetmasdan turmush qurishning oldini olish bo‘yicha keng tushunchalar beriladi.

“Orasta qizlar” to‘garak mashg‘ulotlari o‘quv muassasalarining ma'naviyat-ma'rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, mahallalarning maslahatchilari, ichki ishlar xodimlari, tibbiyot xodimlari, psixologlar, “Kamolot” YoIH vakillari ishtirokida olib boriladi. “Orasta qizlar” to‘garagiga sinf rahbari rahbarlik qiladi, ishlarni tartibga soladi.

Shuningdek, mazkur to‘garakka a'zo qizlar o‘rtasida “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, unda ta'lim muassasalarining 8-, 9-sinf o‘quvchi-qizlari ishtirok etadi. Tanlov uch bosqichda: maktab, tuman (shahar) va viloyat bosqichida o‘tkaziladi. Ayni kunlarda respublikamizdagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida “Orasta qizlar” tanlovining maktab bosqichi davom etmoqda.

Top